Markaziy bank: O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,7 foizga o‘sdi
Markaziy bankning 2026-yil I chorak bo‘yicha pul-kredit siyosati sharhida qayd etilishicha, yilning dastlabki oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolgan. Hisobotda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 8,7 foizni tashkil etgani ta’kidlangan.
Hujjatga ko‘ra, iqtisodiy faollikning jadallashishiga asosan investitsiyalar hajmining ortishi, ichki talabning yuqori saqlanishi hamda xizmat ko‘rsatish, qurilish va savdo sohalaridagi o‘sish ta’sir ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, 2026-yil mart oyida yillik inflyatsiya 7,1 foizgacha pasaygan. Markaziy bank bu holatni ayrim tovarlar bo‘yicha o‘tgan yilgi yuqori baza ta’sirining chiqib ketishi bilan izohlagan.
Hisobotda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari ham pasayish tendensiyasini namoyon qilayotgani, biroq ular hanuz prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori shakllanayotgani qayd etilgan.
Markaziy bank tashqi iqtisodiy muhitdagi xavflarga ham e’tibor qaratgan. Xususan, geosiyosiy keskinliklar, jahon bozorida energiya resurslari va oziq-ovqat narxlarining qimmatlashishi, logistika xarajatlarining ortishi import orqali ichki inflyatsion bosimlarni kuchaytirishi mumkinligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, oltin narxining yuqori saqlanishi, eksport tushumlari va xorijdan pul o‘tkazmalarining barqaror o‘sishi ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifini qo‘llab-quvvatlayotgani qayd etilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, inflyatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajaga yaqinlashtirish uchun pul-kredit sharoitlari yetarli darajada qat’iy saqlanmoqda. Ijobiy real foiz stavkalari milliy valyutadagi jamg‘armalarni rag‘batlantirib, kreditlash sur’atlarining muvozanatli shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026-yil yakunida inflyatsiya 6,5 foiz atrofida, iqtisodiy o‘sish esa 7–7,5 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.
Markaziy bank kelgusida ham inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, valyuta kursi tendensiyalari va tashqi iqtisodiy xatarlarni diqqat bilan kuzatib borishini ma’lum qildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA