AYOQSHlarda naqdsiz to‘lovlar: 20 kunda umumiy tushum 2,17 trln. so‘mni tashkil etgan
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil may oyining dastlabki 20 kunida avtotransport vositalariga yonilg‘i quyish shoxobchalari (AYOQSH) orqali amalga oshirilgan naqdsiz to‘lovlar hajmi yuqori faollik bilan davom etdi.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, joriy yilning 1-20-may kunlari davomida umumiy tushum 2,17 trln. so‘mni tashkil etgan. Amalga oshirilgan tranzaksiyalar 15,2 milliontani, kunlik o‘rtacha tranzaksiyalar 760,6 mingta, kunlik o‘rtacha tushumlar esa 108,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar mamlakatda naqdsiz hisob-kitoblar tizimi, xususan yonilg‘i bozorida raqamli to‘lovlar ulushi kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, tushumning asosiy qismi bank kartalari orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Bank kartalari 90,3 foizni, “Moment bank” kartalari 6,7 foizni, yonilg‘i kartalari 3,0 foizni tashkil etgan.
9-12-may kunlari AYOQSHlarda eng yuqori to‘lov faolligi kuzatilib, ushbu davrda umumiy tushum 397,7 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Keyingi kunlarda nisbatan pasayish qayd etilgan bo‘lsa-da, umumiy ko‘rsatkichlar barqaror yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Eslatib o‘tish joiz, 2026-yil aprel oyining 1-22 kunlarida AYOQSHlarda naqdsiz to‘lovlar hajmi 2,49 trln. so‘mdan oshgan bo‘lib, kunlik o‘rtacha tushum 113,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan.
Tahlillar yonilg‘i bozorida naqdsiz to‘lovlar ulushi bosqichma-bosqich ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa raqamli to‘lov tizimlarining kengayishi hamda moliyaviy operatsiyalarning shaffoflashuviga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA