“Madaniyat va ma’rifat oyligi” ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda
Z.M.Bobur nomidagi Andijon viloyati drama teatrida “May – mahallalarda madaniy va ma’rifiy tadbirlar oyligi” doirasida “To‘ylar muborak” komediyasi namoyish etildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda mahalla tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda, aholini ijtimoiy, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Mahallalar uyushmasi hamkorligida mahallalarda aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, fuqarolarning ko‘ngilli hordiq chiqarishiga ko‘maklashish, madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida may oyi davomida aholining teatrlar, muzeylar, madaniyat va istirohat bog‘lariga tashriflarini uyushtirish, shuningdek, joylarda madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilishi belgilanganligi ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
– Oylik doirasida aholi vakillarining viloyatdagi teatr, muzey va istirohat bog‘lariga tashrifi hamda sayohatlar uyushtiriladi, – deydi viloyat Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisi o‘rinbosari Muhammadjon Nishonov. – Mutlaqo bepul o‘tkaziladigan tadbirlarga viloyatdagi 909 ta mahallaning barchasi to‘la qamrab olinadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining ko‘ngilli dam olishini tashkil etish, yurtdoshlarimizning kayfiyatini, ruhiyatini ko‘tarishdir.
Oylikning ilk kunida viloyatdagi qator mahallalardan kelgan yurtdoshlarimiz, mehnat faxriylari, yoshlar vakillari uchun Z.M.Bobur nomidagi Andijon viloyati drama teatri ijodiy jamoasi tomonidan yangi talqindagi “To‘ylar muborak” komediyasi namoyish etildi.
– Mahalla boshliqlariga rahmat, ochig‘i teatrga oxirgi marta qachon kirganimni eslay olmayman, – deydi Paxtaobod tumani Qorashoh mahallasida yashovchi Ma’muraxon Rahmonova. – Ularning taklifi bilan bir guruh mahalladoshlar bugun viloyat teatriga keldik. To‘y bilan bog‘liq jarayonlar, ushbu jarayondagi umuman, keraksiz urflar, odatlar hayotiy va qiziqarli tarzda namoyish etilgan komediyani mazza qilib tomosha qildik.
Teatr tomoshasidan so‘ng mahallalar vakillari Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida bo‘lishdi. Yurtimiz tarixi, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar, yozma manbalar, tariximizga oid ko‘rgazmalar bilan tanishdi.
– Andijon shahriga sayohatimiz juda maroqli o‘tyapti, – deydi Asaka tumani Qayrag‘och mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Turdiboy Guljayev. – Tushga qadar teatr tomoshasini ko‘rdik, endi muzey bilan tanishyapmiz. Muzey eksponatlarga juda boy ekan. Ular bilan tanishib, tariximizga oid ko‘p ma’lumotlar oldim.
Chekka mahallalarda yashayotgan men kabi oddiy odamlar uchun bunday sayohatlar tashkil etilganidan juda xursandman. Buning uchun Prezidentimizga, hukumatimizga, shunday xayrli ishlar tashkilotchilariga rahmat.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, oylik doirasida aholi va yoshlar uchun Z.M.Bobur nomidagi viloyat drama teatri, Andijon yoshlar hamda viloyat Qo‘g‘irchoq teatrlarining namoyishlari, Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi, uning “Habibiy uy-muzeyi”, “Cho‘lpon yodgorlik muzeyi”, “Qal’a yodgorlik majmuasi” bo‘limlariga, Bog‘i Boburdagi “Bobur va jahon madaniyati”, Marhamat tumanidagi “Mingtepa” yodgorlik majmuasi, shuningdek, viloyatdagi qator ziyoratgohlarga, madaniyat va istirohat bog‘lariga sayohatlar, mahallalarda esa madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari, ijodkorlar, san’atkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
[gallery-17237]
Ana shu tadbirlarga, eng avvalo, mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari, nogironlar, yakka-yolg‘iz yashovchilar, “Qizil hudud”ga kirgan mahallalar yoshlari qamrab olinadi.
Oylik doirasida mahallalarda yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilayotgan madaniy va ma’rifiy tadbirlar yurtdoshlarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va ko‘ngilli o‘tkazishga ko‘mak berish bilan birga, ularning qalbida bugungi tinch va farovon hayotimizga shukronalik, ertangi kunga ishonch va umid tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari