Turkiy xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirgan teatr festivali
Bobur nomli Andijon viloyati musiqali drama teatrida IV TURKSOY xalqaro teatr festivalining ochilishida “Bobur sog‘inchi” spektakli namoyish etildi.
Andijon – turkiy dunyoning madaniyat poytaxti maqomi doirasida o‘tkazilayotgan IV TURKSOY xalqaro teatr festivali ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda yurtimiz, shuningdek, Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston va Qirg‘iz davlatlaridan tashrif buyurgan teatr jamoalari, teatrshunoslar, TURKSOYga a’zo davlatlar madaniyat va san’at xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida namoyish etiladigan spektakllarni baholab boruvchi hakamlar hay’ati a’zolari hamda ishtirokchi teatr jamoalari davraga taklif qilinib, keng jamoatchilikka tanishtirildi.


Shundan so‘ng tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Rustamjon Egamberdiyev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev o‘tkazilayotgan tadbirlar, xususan, teatr festivali turkiy xalqlarning boy madaniy merosi va teatr san’ati an’analarini uyg‘unlashtirish, ijodiy aloqalarni hamda teatr jamoalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, teatr san’ati orqali turkiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab, festival ishtirokchilariga ijodiy muvaffaqiyatlar tiladi.
– Andijonda o‘tayotgan tadbirlar, xususan, teatr festivali, shubhasiz, turkiy xalqlarni, teatr jamoalarini bir-biriga yanada yaqinlashtiradi, – deydi Turkmaniston bosh akademik drama teatri rejissyori Mekan Jumaboyev. – Qolaversa, festival teatr jamoalariga o‘zaro ijodiy tajriba almashish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Eng asosiysi, qardosh xalqlar do‘stligini, hamjihatligini yanada mustahkamlaydi.


Darhaqiqat, o‘tkazilayotgan xalqaro teatr festivali turkiy xalqlarning boy san’ati, milliy qadriyatlari va ko‘p asrlik teatr an’analarini keng namoyon etish, ijodkorlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish hamda xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlar