G‘azo janubida Yahyo Sinvar o‘ldirilishi tafsiloti ma’lum bo‘lgach, Isroil harbiylari XAMAS yetakchisi hayotining so‘nggi damlari aks etgan dron tasvirini tarqatdi. Yuzi sharf bilan o‘ralgan 62 yoshli Sinvar dronga qarata nimanidir uloqtirmoqchi bo‘lgan payti kadrga muhrlangan.
Isroil Mudofaa kuchlari bir yildan ko‘proq vaqt oldin – 7 oktyabr kuni uyushtirilgan hujum uyushtiruvchisi deb hisoblangan Sinvar chorshanba kuni “yo‘q qilingani”ni e’lon qildi.
Jang qanday kechdi?
Batafsil ma’lumot paydo bo‘lganda qotillik maqsadli operatsiya emas, balki tasodifiy to‘qnashuv natijasida sodir bo‘lgani bilindi.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, yil davomida razvedka idoralari tomonidan ovlangan XAMAS yetakchisi guruhning yer osti yo‘li tizimidan xavfsizroq joyga o‘tishga uringan payti nishonga olingan. Marhum turgan joyni Tal Al-Sulton hududini tintuv qilayotgan piyoda askarlar topgan. Ular ayni nuqtada harakatning yuqori martabali a’zolari borligiga ishongan.

Harbiylar uch nafar mo‘ljaldagi shaxs binolar orasida harakatlanayotganini ko‘rib, o‘t ochgan. Natijada otishma boshlanib, Yahyo vayron bo‘lgan binoga qochib kirgan. Shundan so‘ng ob’ektga tank snaryadi va raketa otilgan.
Isroil harbiylari vakili kontr-admiral Daniel Xagari aytishicha, nishon shunchaki jangchi sifatida mo‘ljalga olingan.
Harbiylar vayron bo‘lgan binoga kirib, uni qurol-yaroq, o‘q o‘tkazmaydigan kiyim va 40 000 shekel – 10 731,63 dollar bilan topgan.
– Sinvarning vafoti DNK testi, jumladan stomatologiya yozuvi va boshqa usuldagi tekshiruv o‘tkazilgandan so‘ng oshkor qilindi.

XAMAS hali yetakchisi qazosini rasman tasdiqlamadi, biroq guruh ichidagi manbalar Yahyo haqiqatan o‘ldirilganini ko‘rsatuvchi belgilar borligini aytgan.
“The New York Times” gazetasi iqtibos keltirgan to‘rt isroillik harbiy zobitga ko‘ra, Sinvar mintaqada muntazam operatsiya o‘tkazayotgan va kutilmaganda unga to‘qnash kelib qolgan stajyor otryad rahbarlari tomonidan o‘ldirilgan.
Pentagon AQSH qo‘shinlarining qotillikka aloqasi yo‘qligini bildirdi.
Harbiy havo kuchlari matbuot kotibi general-mayor Patrik Rayder “Bu AQSH kuchlari bevosita ishtirok etmagan Isroil operatsiyasi” degan.
Marhum hayotining so‘nggi oylarida Isroil razvedkasiga o‘zini kuzatish imkonini beruvchi telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanishni to‘xtatgan edi. Uning so‘nggi yigirma yil ichida XAMAS G‘azo hududida qazgan ulkan tunnellari tarmog‘ida yashiringaniga ishonishgan. Vaholanki, ushbu yer osti yo‘llarining ko‘pi urush payti Isroil kuchlari tomonidan aniqlangan.
Isroil harbiylari boshlig‘i general-leytenant Gersi Xalevi aytishicha, maxsus ov uyushtirilishi Sinvar “o‘zini qochoqdek tutishiga sabab bo‘lgan va shu bois ham uni bir necha bor yashash joyini o‘zgartirishga majbur qilgan”.
Yahyo Sinvarning o‘limi XAMAS uchun kuchli zarba. Guruh harbiy qo‘mondoni Muhammad Deyf ham 13 iyul kuni Isroil havo hujumida halok bo‘lgan.
M.Pirmatova,
O‘zA