Işlab çiqariş uskunalari yangilanmoqda
Işlab çiqarişda uskunalarni zamon talablari asosida yangilaş nafaqat mehnat unumdorligini oşiradi, balki ortiqça xarajatlarning oldini olişda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirda Şimoliy kon boşqarmasi 3-GMZ Sorbsiya, regeneratsiya va tayyor mahsulot sexining KIMEX bölimida navbatdagi texnik yeçim amalga oşirilmoqda.
Bugungi kunda mazkur bölimda 6 dona kömirni faollaştiriş peçi mavjud. 2021-yilda foydalanişga topşirilgan 2 ta peçning devori 230 millimetr qalinlikdagi “ŞL-0,4” markali olovbardoş ğiştdan terilgan. Biroq iş jarayonida devor qalinligining yetarli emasligi öz taʼsirini körsata boşladi. Xususan, peçda issiqlikni saqlaş qobiliyati pasayib, qizdiriş yuklamasi ortib ketdi. Buning oqibatida elektr energiyasi ortiqça sarflanib, qizdiriş elementlari hamda olovbardoş ğiştlar muddatidan oldin yaroqsiz holga kelib qoldi. Bu esa uskunaning rejadan taşqari töxtab qolişi va taʼmirlaş işlari köpayişiga olib keldi.

– Mavjud muammolarni bartaraf etiş maqsadida mutaxassislarimiz tomonidan qizdiriş peçi konstruksiyasini modernizatsiya qiliş loyihasi işlab çiqildi, – deydi zavod boş texnologi Zuhriddin Sirojov. – Yangi loyihaga köra, peç devorining qalinligi 420 millimetrgaça oşirilib, ğiştlar oraliğiga maxsus issiqlik saqlovçi paxta (vata) yotqizildi. Şuningdek, peç ikki yon tomonga 100 millimetrdan kengaytirilib, qizdiriş elementlari barabanga 60 millimetr yaqinlaştirildi.
Mutaxassislarning taʼkidlaşiça, mazkur konstruktiv özgarişlar issiqlik isrofiga çek qöyib, elektr energiyasini sezilarli darajada tejaydi hamda ehtiyot qismlarning xizmat muddatini uzaytiradi. Eng muhimi, peçga yuklanadigan kömir hajmi ortib, reaktivatsiya jarayoni tezlaşadi. Bu esa uskunaning umumiy iş unumdorligini yangi bosqiçga olib çiqadi.
A.Böriyev, ÖzA muxbiri