Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bu yilgi egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Milliy markaz direktori A.Saidov mazkur ko‘krak nishoni Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan ta’sis etilganini qayd etdi.
Ko‘krak nishoni inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy ishlari, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat tashkilotlardagi faoliyati, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga hamda inson huquqlari sohasidagi ta’lim va targ‘ibotga qo‘shgan hissasi uchun fuqarolar, tashkilotlar vakillari hamda tashkilotlarga beriladi.
Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy ishlari uchun Konstitutsiyaviy sud faxriysi Baxtiyor Mirboboyev, “Sayidov Toshpo’lat Davronovich” advokatlik byurosi rahbari Toshpo‘lat Sayidov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faxriysi Abdukamol Po‘latov;
Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat tashkilotlar faoliyati uchun “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi;
Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qo‘shgan hissasi uchun iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova, Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma bosh mutaxassisi Dilnoza Husanova;
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va targ‘ibotga qo‘shgan hissasi uchun IIV Akademiyasi xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i Olimjon Matchonov, “Yurist va kadr” nodavlat ta’lim muassasasi «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni sohiblari bo‘ldi.
Tadbir yakunida Milliy markazi bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan bir qator davlat tashkilotlari, ilmiy-ma’rifiy muassasalar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA