Avval xabar berganimizdek, o‘tgan hafta Toshkentda “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Mintaqa uchun muhim ahamiyat kasb etgan bu yirik tadbirda ko‘plab samarali shartnoma, bitim va hamkorlik hujjatlari imzolandi.
Anjumanda Rossiya, O‘zbekiston, Belarus va Xitoydan sanoatning mashinasozlik, metallurgiya, axborot texnologiyalari, energetika yechimi kabi turli sohalariga ixtisoslashgan 400 dan ziyod kompaniya ishtirok etdi.
Mamlakatimiz ekspozitsiyasida barcha hududlar hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi jamoaviy stendi joylashtirildi. Iqtisodiyot tarmoqlariga oid so‘nggi texnologik ishlanmalar, tayyor mahsulotlar namoyish etildi.
Rossiyaning 247 eksponenti federatsiyaning 14 hududini qamrab oldi. Toshkentga RFdan 14 davlat idorasi rahbari boshchiligidagi delegatsiyalar keldi.
Ko‘rgazma doirasida savdo-sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan 45 bitim imzolandi. Biznes dasturi doirasida 20 mavzu bo‘yicha sessiya o‘tkazildi. Hududlararo hamkorlik kun tartibidagi asosiy masalaga aylandi. Rossiya va O‘zbekiston ta’sis subyektlari rahbarlari muhim qo‘shma loyihalar haqida so‘z yuritdi. Ishbilarmon doira vakillari va ekspertlar e’lon qilingan tashabbuslarni amalga oshirish yo‘llarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev fikricha, an’anaviy “INNOPROM” ko‘rgazmasi nafaqat Rossiya va O‘zbekiston korxonalari, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhim voqea. Har yili mazkur tadbir mintaqadagi ko‘plab kompaniyalar o‘rtasida samarali sheriklikni yo‘lga qo‘yish vositasiga aylanmoqda. Ayniqsa, Rossiya hududlari juda faol ishtirok etgan bu galgi ko‘rgazmada hududiy stendlar maydoni o‘tgan yilga nisbatan 20 foiz oshdi. Uch kun davomida tadbir qatnashchilari soni 10 mingdan oshdi.
“INNOPROM. Markaziy Osiyo-2024” iqtisodiyotga innovatsion texnologiyalarni joriy etishda, fan, ta’lim kabi muhim sohalarda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Ishtirokchi mamlakatlar hududlari, tarmoq rahbarlari, yirik ishlab chiqarish korxonalari va biznes tuzilmalari vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish nuqtayi nazaridan mazmunli kechdi. Energetika va avtomobilsozlik, tog‘-kon, kimyo va neft-gaz sanoati, to‘qimachilik va qurilish sanoati, sun’iy intellektni joriy etish singari ko‘plab sohalarda uzoq muddatli hamkorlik uchun muhim hujjatlar imzolandi.
[gallery-17208]
O‘nlab qo‘shma loyihalarga asos solindi. Masalan, fosforli o‘g‘it ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri sanalgan Rossiyaning “FosAgro” kompaniyasi “O‘zkimyosanoat” AJ va D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent filiali bilan shartnoma imzoladi. Endi birgalikda yosh olimlar, iqtidorli talabalar qo‘llab-quvvatlanadi, fundamental fan ommalashtiriladi, ikki mamlakat kimyo sanoati va qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish uchun kadrlar tayyorlaydi.
Mutaxassislar qayd etishicha, kimyo sanoati O‘zbekistonda ham, Rossiyada ham iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biridir. Nafaqat mineral o‘g‘itga ehtiyojni qoplash, balki ishlab chiqarish va foydalanish barqarorligini oshirish ham ayni yo‘nalishdagi asosiy vazifalar sirasiga kiradi. Shu jihatdan beqiyos ahamiyatga ega mazkur hujjat asosida kuchlar birlashtirilib, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan yuqori mahsuldor qishloq xo‘jaligini yaratadigan ilmiy bazani rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shish mumkin.
O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Rossiyaning eng yirik “Zamonaviy transport texnologiyalari” avtomobil savdosi uyi bilan hamkorlikda “Maktab avtobusi” loyihasini ishlab chiqadi. Temir yo‘l infratuzilmasi uchun yangi texnologik yechim topuvchi, yo‘l texnikasini ishlab chiqarish, qo‘llash va ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi “PTK Grupp” ko‘p tarmoqli xolding kompaniyasining yurtimiz bozoriga kirishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari avtomobilsozlik korxonalari uchun muhandis tayyorlash maqsadida Toshkent davlat transport universiteti va “ASCON-Integration Solutions” o‘rtasida strategik hamkorlik shartnomasi kuchga kirdi. Tomonlar raqamli injiniring sohasida hamkorlik qilish va qurilishda axborot modellashtirish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha ham kelishuvga erishdi.
– “Rosatom” bugungi kunda 70 dan ko‘p turdagi raqamli mahsulotlarga ega, – deydi korxona bosh direktori Sergey Gromov. – Infratuzilma obyektlarida xavfsizlikni yaxshilash va baxtsiz hodisalarni kamaytirishga yordam beradigan tovarlarimiz O‘zbekiston energetika kompaniyalari uchun foydali bo‘lishi mumkin. Raqamli yechim taqdim etishdan tashqari, kompaniya o‘z simulyatorlari yordamida xodimlarni o‘qitishga tayyor. “Rosatom” hamkorlarga mashinasozlik, qurilish, sanoat ishlab chiqarishi va boshqa sohalar uchun raqamli mahsulotlar taklif qiladi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida qurishi materiallari, gaz so‘rgich agregati, neft va gaz sanoati ehtiyoji uchun quduq nasosi, shaxsiy himoya vositalari yetkazib berish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.
RF vakillarining nogironlar hayotini yengillashtirishga mo‘ljallangan mahsulotlari ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Yuqori Novgorodda joylashgan “Texbionik” kompaniyasi 5 yoshdan oshgan bolalar, o‘smirlar va kattalar uchun ko‘p funksiyali modulli bionik protez namoyish qildi. Bu moslama yengil va qulay bo‘lib, oyoq-qo‘l amputatsiyasi yoki tug‘ma nuqsoni mavjud odamlarga, hatto, kichik, mo‘rt narsalarni ham ushlash imkonini beradi.
Xullas, mazkur yirik ko‘rgazmada turli sohalar uchun juda ko‘p yangi ishlanma, loyiha va yangiliklar taqdim etildi. Mintaqa mamlakatlari savdo-iqtisodiy rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etgan tadbir davomida erishilgan kelishuvlar ishtirokchi davlatlarning barchasi uchun manfaatli ekani shubhasiz.
Go‘zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA