Ilmiy yuksalishning yangi sahifasi
Ilm-fan bugun institut devorlari bilan chegaralanadigan jarayon emas. Uning haqiqiy qiymati yangi g‘oyalarning darsxonalarga kirib borishi, o‘qituvchi faoliyatida o‘z samarasini berishi va eng muhimi, talaba ta’limida amaliy natijaga aylanishi bilan o‘lchanadi. Zamonaviy oliy ta’lim muassasasining nufuzi ham aynan uning ilmiy salohiyati, innovatsion yondashuvlari hamda yaratilayotgan ishlanmalarning amaliy ahamiyati orqali baholanadi.
Shu ma’noda, Guliston davlat pedagogika institutida 2025–2026 o‘quv yili davomida amalga oshirilgan ilmiy faoliyat nafaqat statistik ko‘rsatkichlari, balki ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan aniq natijalari bilan ham e’tiborga loyiq.
Oliygohda faoliyat yuritayotgan 138 nafar professor-o‘qituvchining deyarli barchasi ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy salohiyat darajasi 43,7 foizga yetgani tasodifiy natija emas. Bu ko‘rsatkich ortida ilmiy faoliyatni tizimli tashkil etish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilm-fanni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan izchil siyosat mujassam.
Eng muhimi, institutdagi ilmiy izlanishlar birgina tor yo‘nalish bilan cheklanib qolmayapti. Har bir kafedra professor-o‘qituvchilari o‘z ilmiy yo‘nalishlari asosida tadqiqotlar olib borayotgan bo‘lsalar-da, ularni yagona maqsad — ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga samarali joriy etish g‘oyasi birlashtirib turibdi.
Bugungi kunda raqamli pedagogika, sun’iy intellekt texnologiyalari, STEAM ta’limi, inklyuziv ta’lim, zamonaviy metodikalar hamda innovatsion o‘qitish texnologiyalari institut ilmiy tadqiqotlarining eng dolzarb yo‘nalishlariga aylangan.
Ilmiy faoliyat samaradorligi faqat chop etilgan maqolalar bilan emas, balki himoya qilingan dissertatsiyalar va ilmiy darajalar bilan ham namoyon bo‘ladi. Joriy yilning dastlabki olti oyida 12 nafar professor-o‘qituvchi PhD ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Shuningdek, 11 nafar izlanuvchi Oliy attestatsiya komissiyasining PhD diplomini qo‘lga kiritdi, 9 nafar o‘qituvchi dotsent, 4 nafari esa professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi.
Yil yakuniga qadar yana 8 ta PhD va 4 ta DSc dissertatsiyasining muvaffaqiyatli himoya qilinishi kutilmoqda. Bu esa institutda mustaqil ilmiy maktablar shakllanib, tadqiqotchilik muhiti tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Biroq ilmning haqiqiy qiymati himoya qilingan dissertatsiyalar soni bilan emas, balki ularning amaliyotga tatbiq etilishi va jamiyatga keltirayotgan foydasi bilan belgilanadi. Shu jihatdan institut olimlari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlarning maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkazilayotgani alohida ahamiyatga ega.
Kafedra filiallari negizida tashkil etilayotgan seminarlar, mahorat darslari va metodik tavsiyalar pedagoglarning kasbiy mahoratini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Demak, ilm laboratoriyalarda qolib ketmayapti, balki bevosita ta’lim jarayoniga kirib bormoqda.
Institutda yaratilayotgan innovatsion ishlanmalar ham ilmiy faoliyatning yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Buning yorqin namunasi sifatida 583 million so‘m mablag‘ jalb etilgan «Sirdaryo ta’limi.uz» raqamli platformasini keltirish mumkin. Mazkur loyiha ta’lim muassasalari, pedagoglar va ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlikni zamonaviy axborot texnologiyalari asosida mustahkamlash, ta’lim jarayonining ochiqligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Institut magistranti Mehruza Sultonovaning «MedMapp» loyihasi esa xalqaro grant tanlovida 20 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni qo‘lga kiritdi. Bu yutuq yosh tadqiqotchilarning ilmiy g‘oyalari nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham munosib e’tirof etilayotganining yana bir amaliy isbotidir.
Ilmiy faoliyat samaradorligini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar ham e’tiborga loyiq. Hisobot davrida institut olimlari tomonidan 17 ta darslik, 45 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 12 ta monografiya, 120 ta xalqaro ilmiy maqola, jumladan, ularning 24 tasi Scopus xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasida, shuningdek, 180 ta mahalliy ilmiy maqola va 250 dan ortiq konferensiya materiallari nashr etildi. Bu natijalar institut professor-o‘qituvchilarining jahon ilmiy maydonidagi faolligi va ilmiy nashrlar sifati izchil ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi ham zamon talablari asosida shakllantirilgan. «Yosh olimlar kengashi», Start-up inkubatsiya markazi, zamonaviy laboratoriyalar, texnologik o‘quv ustaxonalari va muntazam o‘tkazilayotgan ilmiy seminarlar yosh tadqiqotchilar uchun mustahkam ilmiy maydon vazifasini bajarmoqda. Joriy yilning o‘zida grant tanlovlariga 30 dan ortiq ilmiy loyihaning taqdim etilgani, startaplarni rivojlantirishga bag‘ishlangan 13 ta seminar va vebinar tashkil etilgani bu boradagi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
Institut ilmiy faoliyatida yana bir muhim yo‘nalish — sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishdir. Bugungi kunda kelajak pedagoglarini raqamli kompetensiyalar asosida tayyorlash ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasi doirasida 980 nafar talaba xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Bu esa bo‘lajak pedagoglarning raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Shu bilan birga, Erasmus+ dasturi doirasida raqamli pedagogika, sun’iy intellekt, inklyuziv va «yashil» ta’lim yo‘nalishlarida umumiy qiymati 820 ming AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan to‘rtta yirik xalqaro loyiha ishlab chiqildi. KOICA xalqaro agentligi bilan hamkorlikda esa qiymati qariyb 980 ming AQSH dollariga teng STEAM Digital Lab laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu tashabbuslar institutning innovatsion rivojlanish strategiyasi izchil amalga oshirilayotganini yaqqol namoyon etadi.

Institut faoliyatida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda Xitoy, Qozog‘iston hamda Yevropaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy va akademik aloqalar izchil rivojlantirilmoqda. Professor-o‘qituvchilarning xorijiy universitetlarda ilmiy stajirovka o‘tashi, Fulbright dasturi doirasida xorijlik olimlarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar institut ilmiy salohiyatini jahon tajribasi bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda.
Ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etish va ularni tijoratlashtirish borasida ham salmoqli natijalar qo‘lga kiritilgan. Hisobot davrida 124 ta xo‘jalik shartnomasi imzolanib, ular orqali 317 million so‘mdan ortiq mablag‘ jalb etildi. Bu esa institutda yaratilayotgan ilmiy g‘oyalar nafaqat nazariy, balki amaliy va iqtisodiy ahamiyatga ham ega bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Xalqaro hamkorlik doirasida Xitoy Xalq Respublikasi bilan aloqalar ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, Wenzhou Fan and Technology Institute bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik asosida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Mazkur dastur doirasida 10 nafar professor-o‘qituvchi hamda magistrantlar bir oylik malaka oshirish kurslarida ishtirok etib, zamonaviy ta’lim texnologiyalari, ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish usullari va ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganib qaytdilar. Bu esa ularning kasbiy mahoratini yanada yuksaltirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, institutning China National Research Institute of Food and Fermentation Industries ilmiy-tadqiqot tashkiloti bilan hamkorligi ham samarali rivojlanib bormoqda. Ushbu hamkorlik doirasida 20 nafar professor-o‘qituvchi va talabalar uchun malaka oshirish dasturlari tashkil etildi. Ular oziq-ovqat texnologiyalari, innovatsion yondashuvlar va ilmiy izlanishlarning zamonaviy usullari bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish imkoniga ega bo‘ldilar.
E’tiborlisi, faqat 2026-yilning iyun–iyul oylarida xalqaro akademik hamkorlik dasturlari doirasida qariyb 30 nafar professor-o‘qituvchi va talabalarning akademik almashinuvi amalga oshirildi. Bu esa institutning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib, global ta’lim va ilm-fan makoniga faol integratsiyalashayotganidan dalolat beradi.
Bugun Guliston davlat pedagogika institutida ilm-fan oddiy statistik ko‘rsatkich emas, balki ta’lim sifati, innovatsiya va amaliy natijalarning asosiy mezoniga aylanmoqda. Bu yerda yaratilayotgan ilmiy ishlanmalar ta’lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etilmoqda, yosh olimlar xalqaro grantlarni qo‘lga kiritmoqda, professor-o‘qituvchilar esa jahonning ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirib, ularni milliy ta’lim tizimiga samarali joriy etmoqdalar.
Eng muhimi, institutda ilm-fan jamiyat ehtiyojlariga javob beradigan, ta’lim sifatini yuksaltirishga xizmat qiladigan va yangi avlod pedagoglarini zamonaviy bilim hamda innovatsion tafakkur asosida tarbiyalaydigan qudratli kuchga aylanib bormoqda.
Zero, bugun ilmga qo‘yilgan har bir qadam — ertangi taraqqiyotning mustahkam poydevori, ta’limga kiritilgan har bir innovatsiya esa mamlakat kelajagiga qo‘yilgan ishonchli sarmoyadir.
Jahongir Qarshiboyev,
Guliston davlat pedagogika instituti rektori,
xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashi deputati