Bitiruvchilar pedagogik qasamyod qildi
Samarqand davlat pedagogika institutida 2025-2026 o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirishga bag‘ishlangan tantanali bitiruv kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi sohasi mas’ullari, institut professor-o‘qituvchilari, bitiruvchilar va ularning ota-onalari, jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Marosim avvalida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, Samarqand davlat pedagogika instituti rektori Shahzoda Negmatova so‘zga chiqib, bitiruvchilarni oliy ta’limni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari bilan tabriklab, ularning mehnat faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, pedagoglik kasbining jamiyat hayotidagi ahamiyati va yosh avlodni tarbiyalashdagi mas’uliyati haqida so‘z yuritdi.

Yakuniga yetgan o‘quv yilida mazkur institut bakalavriat va magistratura bosqichlarini 3000 nafardan ortiq bitiruvchi tamomladi. Endilikda ular yurtimiz ta’lim-tarbiya tizimida va boshqa sohalarda mehnat qiladi. Ayni paytda bitiruvchilarning aksariyati ish joyi aniq, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatadi.

Marosimda institut bakalavriat va magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar diplomni maktabgacha va maktab ta’limi vaziri hamda institut rektoridan qabul qilib oldi.

Bitiruvchilar pedagoglik kasbining yuksak qadriyatlariga sodiq qolish, o‘quvchilarga sifatli ta’lim va tarbiya berish hamda kasbiy burchini vijdonan ado etishga qaratilgan pedagog qasamyodini qabul qildi.
Tantanali marosim doirasida ta’lim tizimida samarali faoliyat yuritayotgan hamkor ta’lim muassasalari rahbarlari munosib rag‘batlantirildi. Jumladan, institut bilan doimiy hamkorlik qilib kelayotgan Samarqand shahridagi 32-, 33-, 68-umumta’lim maktablari hamda 64- va 87-maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlariga 4+2 amaliyot tizimini samarali tashkil etish va amaliyotchi talabalarni qo‘llab-quvvatlashdagi xizmatlari uchun maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.

Shuningdek, o‘qish va jamoat ishlarida yuqori natijalarga erishgan iqtidorli bitiruvchilarning ota-onalari ham institut tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri