157 milliard so‘mlik ilmiy loyihalarga grant sertifikatlari topshirildi
Innovatsion rivojlanish agentligida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat ilmiy dasturlari doirasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Turli hududlardan kelgan olimlar, ilmiy muassasalar vakillari ishtirok etgan tadbirda Innovatsion rivojlanish agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Asror Norov so‘zga chiqib, olimlarni O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bilan qutladi hamda mamlakatda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar haqida so‘z yuritdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish, olimlarning yangi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda grant asosida moliyalashtirilayotgan loyihalar iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, sanoatda yangi yechimlarni joriy etish, tibbiyot, ekologiya va boshqa muhim yo‘nalishlarda amaliy natijalarga erishishga qaratilgan.
Tadbirda 95 nafar olimga umumiy qiymati 157,2 milliard so‘mlik ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun grant sertifikatlari berildi. Ushbu loyihalar ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlanmalarni yaratish va mamlakatning xalqaro ilmiy hamkorlikdagi salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Umumiy va noorganik kimyo instituti vakili, “Olima ayol” tanlovi g‘olibi Dilnoza Jumayeva bugungi kunda olimlar uchun yaratilayotgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
– Ilmiy faoliyatimni 1990-yillarda boshlaganman. O‘sha davrda ilm-fanga bugungidek e’tibor qaratilmas, laboratoriyalarda zamonaviy uskunalar va malakali mutaxassislar yetishmasdi. Grant dasturlari ham deyarli mavjud emas edi. Bugun esa vaziyat tubdan o‘zgargan. O‘zim ham ustoz sifatida faoliyat yurityapman, shogirdlarimning imkoniyatlariga havas qilaman. Hozirgi yosh olimlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Eng muhimi, doimiy izlanish va akademik halollik bo‘lsa, katta natijalarga erishish mumkin, – dedi D.Jumayeva.

Tadbir so‘ngida grant sohiblari bilan muloqot o‘tkazilib, kelgusi vazifalar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA