Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Milliy sertifikat berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining bilim darajasi va pedagogik mahoratini aniqlash hamda ularga sertifikat berish;
huhuqshunoslik fanini bilish darajasini aniqlash va milliy sertifikat berish;
xitoy, koreys, yapon, ispan, italyan, fors, dari, pushtu, urdu, hindiy va uyg‘ur tillaridan chet tilini bilishning ko‘p darajali (Multi-level) test tizimi joriy etiladi.
Qaror bilan Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining bilim darajasi va pedagogik mahoratini aniqlash bo‘yicha malaka imtihonlarini tashkil etish;
boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat berish bo‘yicha imtihon topshirishlarini shakllantirish va natijalarini baholash;
boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish va uning reyestrini yuritish; talabgorlarning malaka imtihoni natijalari bo‘yicha apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish;
davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun to‘lovni amalga oshirish va qaytarish tartibi belgilab berilgan.
Shuningdek, mazkur qaror bilan Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisining bilim darajasi va pedagogik mahorati to‘g‘risidagi milliy sertifikatning davlat namunasi ham tasdiqlandi.
Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining boshlang‘ich sinflardagi tegishli fanlar mazmuni doirasidagi bilim darajasi, o‘qitish metodikasi va pedagogik mahoratini aniqlash bo‘yicha malaka imtihoni jarayonlarini Agentlikning “onlayn test” axborot tizimi orqali tashkil etiladi.
Xitoy, koreys, yapon, ispan, italyan, fors, dari, pushtu, urdu, hindiy va uyg‘ur tillaridan chet tilini bilishning ko‘p darajali (Multi-level) test tizimi hamda huquqshunoslik fani bo‘yicha talabgorlarning bilim darajasini baholashni yo‘lga qo‘yiladi.
Sertifikat natijalarini “Agentlik tomonidan taqdim qilinadigan sertifikatlarning ma’lumotlar bazasi” axborot tizimiga kiritish va ularni sertifikat raqami orqali onlayn tekshirish imkoniyati yaratiladi.
Milliy sertifikat berilishi yo‘lga qo‘yilayotgan boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi, huquqshunoslik fani, xitoy, koreys, yapon, ispan, italyan, fors, dari, pushtu, urdu, hindiy va uyg‘ur tillaridan test topshiriqlarining belgilangan tartibda shakllantirilishi hamda yangilab borilishi ta’minlanadi.
Ikki oy muddatda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish tizimini joriy etish bilan bog‘liq seminarlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.
Malaka imtihoni natijalariga ko‘ra sertifikat talabini bajargan boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga uch yil muddatga amal qiladigan A+, A, V+, V, S+, S darajali elektron sertifikat beriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab V+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, sertifikatning amal qilish muddati davomida, tegishli ta’lim tiliga mos ravishda barcha fanlar bo‘yicha lavozim maoshiga har oyda 15 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lab boriladi.
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat olib boruvchi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonini o‘tkazish hamda milliy sertifikat berish tartibini belgilaydi.
O‘zA