Hozirgi paytda ma’naviyatu ijod sohasida nima gaplar, bugungi nashriyotlar qay ahvolda?
Keyingi yillarda mamlakatimizda badiiy ijod, kitob nashr etish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga e’tibor oldingi yillardagiga qaraganda ancha yaxshilandi. O‘zbekiston Prezidentining shu xususdagi bir nechta farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi. Jonajon yurtimizda bu borada birmuncha ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini alohida qayd etish, bundan behad quvonish kerak.
Yaqinda muxbirimiz taniqli shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Bahrom Ro‘zimuhammad bilan ijod, kitob savdosi, nashriyotlar ahvoli, shu bilan birga ayrim muammolar haqida gurunglashdi.
Quyida suhbat mazmuni bilan tanishasiz.
–Bugungi kundagi kitob savdosi talab darajasidami?
– O‘tmishda ma’naviyatni “adab” deganlar. Sovet davrida sho‘ro mafkurachilari she’riyatdan, umuman adabiyotdan xalqni kommunizmdek xom xayolga ishontirishda vosita sifatida foydalandilar. Ishonmaganlarni qo‘rqitdilar.
Bugungi davrda davlatimiz rahbari Uchinchi Renessans, ya’ni jadidlar Renessansining davomini e’lon qildi. Buning negizida ma’naviyat turadi. Afsuski, hali adab og‘izdan ko‘ngilga ko‘chmayapti. Gap ko‘pu amal oz. Dalil sifatida kitob targ‘iboti masalasini aytmoqchiman. O‘zbek adabiyoti daraja jabhasida jahonning hech bir adabiyotidan kam emas. Ammo targ‘ibot sust.
Shunga bir misol aytmoqchiman. Yaqin ikki-uch yil ichida o‘zbek she’riyatidan namunalar jamlangan to‘rtta antologiya Moskvada chop etildi. Uch jildi Toshkentga keldi. “Do‘rmon” ijod uyi kutubxonasida “Zamonaviy o‘zbek she’riyati” (Erkin Vohidovdan bugungi kunga qadar) antologiyasini ko‘rdim. Uch antologiyani ko‘rsangiz og‘zingiz hayratdan lang ochiladi. Biroq, to‘rtinchi antologiya - “MDH davlatlari zamonaviy she’riyati” hamda “MDH davlatlari zamonaviy nasri” O‘zbekistonga keltirilgani yo‘q. Bu nimani bildiradi? Gapning ochig‘ini aytganda, bizda yagona tizimli kitob savdosi tashkiloti hali shakllanmagan. Ishlab turganlarining nomi bor, xolos. Agarda yagona tizimli kitob savdosi tashkiloti to‘la ishlasa, maktab kutubxonalari kitob bilan liq to‘lar edi. Afsuski poytaxtdan olisdagi qishloq maktablariga kitob bormaydi. O‘quvchilar nimani o‘qishni bilmay, garangsib yuradilar. Men o‘n besh yoshimda Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Muhammad Rahmon, Azim Suyun, Abdusaid Ko‘chimov, Tursun Ali kabi shoirlarni g‘oyibona taniganman. Chunki maktab kutubxonasidan ularning turkum she’rlari o‘rin olgan “Yoshlik bayozi”ni va boshqa kitoblarni olib, katta qiziqish bilan o‘qib chiqqanman.
– Siz bosh muharrir bo‘lib ishlagansiz. Bugungi kundagi nashriyotlarda ahvol qanday? Nimalardan ko‘nglingiz to‘lmayotir?
– Ilgari nafaqat O‘zbekiston, balki Turkmanistonning Toshovuz tuman do‘konlarida ham o‘zbekcha kitoblar qatorlashib turar edi. Hozir esa unday emas. Toshkent nashriyotlarida chiqqan kitoblar poytaxtning o‘zidan nariga bormasdan to‘planib qolaveradi.
Poytaxt, viloyatlarda, hatto tumanlarda o‘nlab nashriyotlar bor. Ammo ular faqat kitob nashr etib, darrov mualliflarning o‘ziga topshiradi, xolos. Mahsulotining keyingi taqdiri nima bo‘lgani bilan noshirlarning ishi yo‘q. O‘zimdan bir misol. Xorazmga qaytib, 2017-2019-yil mobaynida “Quvonchbek Mashhura” MCHJ nashriyotida bosh muharrir bo‘lib ishladim. Ikki yilda yuz nomdan ziyodroq kitob chiqardik. Biroq bironta kitob do‘konga chiqarilgani yo‘q. Yuz, ikki yuz nusxada bosiladi, so‘ng muallifiga beriladi.
Xulosa shuki, bugungi kunda kitob savdosini yaxshi yo‘lga qo‘yish kerak, poytaxtdagi va hatto viloyatlardagi o‘nlab nashriyotlar faoliyatini ham muvofiqlashtirish borasida amaliy ishlar qilish zarur.
-Mazmunli suhbat uchun tashakkur.
Jovli Xushboqov,
O‘zA muxbiri