So‘z qadri ulug‘landi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Pedagoglar malakasini oshirish markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, xalqaro “Robindranat Tagor” mukofoti sovrindori, “Sharq yulduzi” jurnali bo‘lim mudiri Muhammad Ismoilning “Qatorda noring bo‘lsa” nomli yangi kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Uchrashuvda shoirning hamkasblari, ustoz va shogirdlari, pedagoglar hamda yoshlar ishtirok etib, ijod, adabiyot va badiiy so‘zning ma’naviy qimmati haqida fikr almashdilar. Samimiy muhit tadbirni oddiy taqdimotdan keng ma’naviy muloqot maydoniga aylantirdi. Ishtirokchilar bunday uchrashuvlar yoshlarda kitobga muhabbat va so‘zga ehtiromni kuchaytirishini ta’kidladilar.

1964-yil Sirdaryo viloyati Xovos qo‘rg‘onida tug‘ilgan Muhammad Ismoilning o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rni bor. Uning “Tazarru saodati”, “Tasavvur chiziqlari”, “Ko‘ngil mulkiga safar”, “Sizni sevmay bo‘ladimi?”, “Muhabbatning Vatani” kabi ko‘plab asarlari inson ruhiyati, muhabbat va hayot falsafasini teran ifoda etishi bilan ajralib turadi.
Ijodkor asarlari asosida badiiy filmlar yaratilgan, ikki yuzdan ortiq she’rlari esa taniqli xonandalar repertuaridan mustahkam o‘rin olgan.

Tadbirda adabiyotshunoslar shoir ijodiga to‘xtalib, unda inson qalbi, sadoqat, muhabbat va vatanparvarlik kabi qadriyatlar chuqur badiiy ifoda etilganini qayd etdilar. Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov “Qatorda noring bo‘lsa” kitobini ijodkor merosini o‘rganishda muhim manba sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, kitobda adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar hamda jamoat arboblarining ijodga oid tahliliy qarashlari jamlangan.
Shuningdek, “Boshimdagi tojim onam” kitobi ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Asarda ona timsoli orqali mehr, sabr va fidoyilik kabi yuksak insoniy fazilatlar ta’sirchan badiiy ifoda etilgan. Unda she’riy va nasriy lavhalar bilan birga muallifning hayotiy kuzatishlari hamda falsafiy mushohadalari “yon daftar” uslubida jamlangan bo‘lib, kitobxonni nafaqat o‘qishga, balki chuqur his qilish va mushohada yuritishga undaydi.

Tadbir davomida shoirning hamkasblari — shoir Tohir Samiyev, madaniyat xodimi Imomqul Nurimov, markaz rahbari Gulasal Berdialiyeva, Guliston davlat universiteti doktoranti Kumushoy Turdiqulova, pedagog Ravshan Egamberdiyev va shogirdi Dilnovoz Saidova ijodkorning kamtarligi, ustozlik fazilatlari va ijodiy izlanishlari haqida samimiy fikrlar bildirdilar.
Tadbirga alohida ruh bag‘ishlagan jihatlardan biri “Sirdaryoliklar” qo‘shig‘i bo‘ldi. Viloyat hokimi tashabbusi bilan klipi ishlanayotgan ushbu asarga Muhammad Ismoil she’r bitgan, musiqasi esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Asatilla Xoliqov tomonidan bastalangan. Qo‘shiq ishtirokchilarda yurtga muhabbat va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirdi.

Shu bilan birga, yoshlar shoir she’rlarini ifodali tarzda o‘qib, ijodiy muhitni yanada jonlantirdilar. Savol-javoblar qismida ishtirokchilar ijod sirlari, ilhom manbalari va hayotiy qarashlar haqida qiziqarli javoblar oldilar. Bu muloqot ijodkor va kitobxon o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni yanada mustahkamladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur ijodiy kecha adabiyot ixlosmandlari uchun haqiqiy ma’naviy bayramga aylandi. U nafaqat yangi kitob taqdimoti, balki qalblarni yaqinlashtirgan, so‘z qadri va adabiyotga muhabbatni yanada yuksaltirgan samimiy muloqot sifatida ishtirokchilar xotirasida chuqur iz qoldirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri