Ikki elni ikki dilni birlashtirgan ijodkorlik
Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi “Qutayba ibn Muslim” ziyoratgohida o‘zbek va qirg‘iz yozuvchilari kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iz milliy-madaniy markazi Andijon viloyati bo‘limi, bir guruh o‘zbek, qirg‘iz ijodkorlarining tashabbusi va sa’y-harakati bilan tashkil etilgan tadbirda yurtimiz va qirg‘izistonlik yozuvchi va shoirlar, adabiyot ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchi va mehmonlar dastlab, “Qutayba ibn Muslim” ziyoratgohida amalga oshirilgan qurilish, bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, qur’on tilovat qilindi.
Tadbir ochilishida so‘z olgan Qirg‘iz milliy-madaniy markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Obidjon Nosirov, yozuvchi va jurnalist Shukrullo Jalil va boshqalar o‘zbek va qirg‘iz xalqlari, ayniqsa, ikki xalq ijodkorlari o‘rtasida do‘stlik, ijodiy hamkorlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi.

Ishtirokchilar O‘sh viloyatida yashab, ijod qilayotgan adib va tarjimon Abdunabi Junusovning “Sahabalardin jolun ulantkandar” (“Sahobalarning yo‘lin tutganlar”), “Islam Dinibizdin Orto Aziyaga tarqalishы” (“Islom dinining O‘rta Osiyoga tarqalishi”), andijonlik ijodkorlar Shukrillo Jalilning “Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi”, “Qo‘mondon”, Olimjon Rahimovning “Qutayba ibn Muslim” nomli kitoblarining mazmun-mohiyati, tarbiyaviy va tarixiy ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Rivoyatlarda Islom dinining Markaziy Osiyoga tarqalishi bevosita Qutayba Ibn Muslim (r.a.) nomi bilan bog‘lanadi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qutayba ibn Muslim (r.a.) (660 - 715) yirik islom fotihlaridan, harbiy sarkarda, yirik lashkarboshi bo‘lgan. Milodiy 706 yilda xalifa Yusuf Hajjoj Abdumalik ibn Marvon farmoni bilan Xuroson amiri lavozimiga tayinlangan va unga Movarounnahrni fath etish vazifasi yuklatilgan. Qutayba (r.a.) 706-713 yillarda to‘liq g‘alaba qilib, o‘lkaga islom dinini olib kirdi va uni mustahkamligi uchun zamin yaratadi.

Yuqoridagi kitoblarda Qutayba Ibn Muslim(r.a.)ning yurishlari, uning nomi va faoliyati bilan bog‘liq rivoyatlar, Jalaquduq tumani Qilichmozor mahallasidagi Qutayba ibn Muslim (r.a.) nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh, maqbara, ushbu ziyoratgohda olib borilgan qurilish, obodonlashtirish ishlari, ana shu xayrli ishga bosh bo‘lgan insonlar haqida keng ma’lumotlar berilgan.
Tarixchi Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida “Qutaybaning qabri Farg‘ona (vodiy)da mashhur bo‘lib, “Raboti saroxang” degan joyda “Kox” deb ataladigan (hozirgi Qilichmozor) bir qishloqda. Odamlar ziyorat uchun hamisha u yerga borib turadilar” deb yozilgan.
O‘zbek va qirg‘iz ijodkorlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirishga xizmat qilgan ushbu tadbirda ikki xalq ijodkorlari bir-birlariga kitoblar va esdalik sovg‘alari ulashdi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.