Manguga muhrlangan shoir
O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning qutlug‘ yetmish ikki yoshi nishonlanayotgan kunda u oramizda yo‘q. Muhammad Yusuf o‘ziga xos iqtidor va iste’dod sohibi edi. Ko‘rinishi, qalbi, yurish-turishi o‘ziday sodda shoirning qalbi bolaligidan adabiyotga, she’riyatga oshufta edi.
Muhammad Yusuf o‘zbek she’riyatiga xalqona navolar ohangini olib kira oldi. Uning she’rlarida uyg‘oq va bezovta tuyg‘ular, dilbar kechinmalar yashiringan. Shu bois, shoir she’rlarini befarq o‘qib bo‘lmaydi.
El-yurt hurmatini topa olgan Muhammad Yusuf betakror she’rlari bilan odamlarning dardini, qalbidagi shodliklar, xalqiga, ona yurtga muhabbat, sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini sodda va go‘zal misralar orqali tarannum etgan betakror ijodkor edi.
Vatanni sevish tuyg‘usi uning ijodida o‘zgacha ruh bilan gavdalanadi. Chunki, uning ijodida, qalb to‘ridan to‘kilgan betakror satrlarda ona Vatanga muhabbat, uni ardoqlash, yurtparvar bo‘lishdek yuksak insoniy fazilatlar dilga yaqin, go‘zal tashbehlarda tarannum etiladi. Ana shu ohanglar qalbni junbishga keltiradi, yurtni yanada kuchliroq sevishga undaydi.
O, ota makonim.
Onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q,
Seningdek ko‘rkam.
Rimni alishmasman bedapoyangga. – deya yurakdan o‘z izhorini bayon etganda nimlar ko‘nglidan kechgan ekan.
Oddiygina ta’rif. Lekin go‘zal misralarda ona yurtga beqiyos mehr mujassam. Shoirga dunyo kerakmas, uning uchun dunyo bu – tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i, o‘z Vatani. Shoirning Vatan haqidagi she’rlarni o‘qiganimizda qalbimizda yurtga o‘zgacha muhabbat, o‘zgacha tuyg‘uni his etamiz. Misralari sodda bo‘lsa-da samimiy, jumlalari balandparvozlikdan yiroq, tashbehlari o‘ziga xos.
Shoirning she’rlarida shunday tashbehlar uchraydiki, ana shu misralarni o‘qigan kitobxon beixtiyor uni xirgoyi qilib yuboradi. Shoirning goh rayhonni, goh jayronni, gohida esa yalpizni o‘ziga eng yaqin do‘st sifatida erka kiyiklaru lolaqizg‘aldoqlarni tarannum etuvchi misralari har qanday o‘quvchini beixtiyor sehrlab qo‘yadi.
Muhammad Yusuf she’rlari xalqona tilda yaratilganligi bois, u har bir o‘zbekning e’tiborini torta oladi. Shoir singari tabiat bilan, qushlar bilan, qo‘yingki, turli jonzotlar bilan she’riy satrlar ila tillasha oladigan, sirlashadigan shoirlar sanoqli.
Yaratgan suygan bandasini elga suyukli qiladi, qalbiga boshqalar ko‘ra olmaydigan, ilg‘ay olmaydigan tuyg‘ularni soladi. Shu o‘rinda Muhammad Yusufga ham ana shunday ulug‘ ne’mat ato etilganmikan, degan xayollarga borasan. U “Mening dardim” she’rida shunday yozadi:
Tuzalmaydi dardim mening,
O‘lsam kerak.
Tuproq bilan og‘a-ini
Bo‘lsam kerak.
O‘lim nima? Bu ham bitta
Sayr, Ona.
O‘g‘ling qaro yerga ketdi,
Xayr ona…
Shoir vafotidan so‘ng marhamatliklar, shoirning hamqishloqlari u bilan iftixor qilibgina qolmay, shoir xotirasini ulug‘lash, nomini abadiylashtirish barobarida ham e’tiborga molik ishlarni amalga oshirdi.
Jumladan, Qovunchi mahallasidagi, shoir xonadoni, u tahsil olgan maktabda muzey tashkil etilib, shoir hayoti, ijodiga oid jihozlar, ko‘rgazmali vositalar, kitoblari bilan bezatildi. Shoir dafn etilgan G‘ishtmozor qabristoni obodonlashtirilib, shoirning byusti o‘rnatildi.
Har yili aprel oyida Marhamat, ayniqsa, Qovunchi qishlog‘i adabiyot, she’riyat muxlislari bilan gavjum bo‘ladi. Nafaqat Andijon, balki qo‘shni Farg‘ona, Namangan, respublikamizning turli viloyatlaridan, qo‘shni respublikalardan ham shoir ijodining muxlislari tashrif buyurib, she’riyat kechalari, mushoiralar o‘tkazilishi an’anaga aylangan.
– Rossiyada odatga aylangan shunday an’ana bor, – deydi marhamatning ziyoli insonlaridan Ortiqali Xusanov. – Har yili rus xalqining ulug‘ shoiri Aleksandr Pushkin tug‘ilgan kuni she’riyat muxlislari shoir haykali oldiga kelib, uning she’ridan o‘qiydi. Besh-olti kishi kelib eshita boshlaydi. Yana kimdir she’r o‘qiydi. Shu tariqa minglab kishilar to‘planib, pushkinxonlik kechasiga aylanadi. Eng qizig‘i, she’rxonlik hech kimning ko‘rsatmasi yoki tashkilotchiligida o‘tmaydi.
Bugun minglab adabiyot, she’riyat muxlislarining Muhammad Yusuf xotirasini yod etish uchun uning qishlog‘iga, u mangu qo‘nim topgan qabristonni ziyorat qilish uchun kelishlari an’anaga aylanganligi ham shoir xotirasiga, uning ijodiga bo‘lgan hurmat va muhabbatning namunasidir.
Ertaga shoir tavallud topgan kun Marhamat, ayniqsa, Qovunchi qishlog‘i shoir va yozuvchilar, ijodkor yoshlar, adabiyot, she’riyat ixlosmandlari gavjum bo‘ladi, she’riyat bayrami o‘tkaziladi. Minglab odamlar ana shu bayramda ishtirok etish, xalqimizning sevimli va soddadil shoiri Muhammad Yusuf xotirasini yod etish uchun keladilar.
Haqiqiy shoirlar o‘lmaydi. O‘zidan betakror va o‘lmas she’rlar qoldirgan Muhammad Yusuf ham barhayot, uning nomi, ijodi xalqimiz, yurtdoshlarimiz qalbida manguga muhrlangan.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA