Global energetikada O‘zbekistonning pozitsiyasi mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston uchun atom energetikasini rivojlantirish masalasi bugungi kunda strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Bu jarayon faqat birinchi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi bilan cheklanib qolmay, balki mamlakat energetika tizimini modernizatsiya qilish, ilmiy-texnik salohiyatni oshirish va uzoq muddatli barqaror rivojlanishni ta’minlash bilan bog‘liq keng qamrovli siyosatni ifoda etadi.
Chunki yurtimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab aholi soni o‘sishi, sanoatning kengayishi va yangi infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi natijasida ortib bormoqda. Shu sharoitda faqat an’anaviy energiya manbalariga tayanish energetik barqarorlikni to‘liq kafolatlay olmaydi. Shu sababli, energiya manbalari diversifikatsiyasi, ya’ni turli generatsiya turlarini uyg‘unlashtirish davlat energetika siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Yaqinda Obninsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Obninsk NEW” xalqaro atom sohasi yoshlari forumining yuqori darajadagi plenar sessiyasida mazkur masala asosiy mavzulardan biri sifatida ko‘tarildi. “O‘zgarayotgan dunyoda atom energetikasi: hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar” mavzusidagi muhokamada xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, atom sohasi va yosh mutaxassislar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.
Plenar sessiyada ishtirok etgan “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev o‘z nutqida O‘zbekiston atom energetikasi kelajagi bo‘yicha xalqaro muloqotda faqat AES qurilishi loyihasini amalga oshirayotgan davlat sifatida emas, balki texnologik rivojlanish, ta’lim va kadrlar tayyorlash masalalariga ham faol e’tibor qaratayotgan mamlakat sifatida ishtirok etayotganiga urg‘u berdi.
– Men biror alohida omilni ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardim. Chunki atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha qaror bitta omilga asoslanib qabul qilinmaydi. Bu, aslida, barcha yo‘nalishlar bir-birini to‘ldirib turadigan strategik qarorlar majmuidir. Agar ustuvorliklarni belgilaydigan bo‘lsak, avvalo, energetik xavfsizlikni asosiy omillardan biri sifatida ko‘rsatgan bo‘lardim. Chunki bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan, aholisi va energiyaga bo‘lgan ehtiyoji tez o‘sib borayotgan mamlakat. Shu bois, elektr energiyasini ishlab chiqarishda faqat an’anaviy yondashuvlarga tayanish to‘g‘ri yo‘l emasligi haqida aniq tushuncha bor. Yurtimizning energetika sohasidagi kun tartibi nafaqat iste’mol hajmining o‘sishi, balki resurslardan yanada oqilona foydalanish zarurati bilan ham bog‘liq.
Gazni faqat elektr energiyasi ishlab chiqarishga emas, balki gaz-kimyo sanoatini rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga ham yo‘naltirish mumkin. Bunday sharoitda energetika balansini diversifikatsiya qilish masalasi strategik ahamiyat kasb etadi. Ikkinchi muhim omil – bu texnologik rivojlanishdir. Biz uchun atom energetikasi faqat elektr energiyasi ishlab chiqarish emas. Bu — muhandislik maktabini rivojlantirish, yangi ilmiy-texnik markazlar va yangi raqamli texnologiyalar deganidir. Uchinchi omil esa iqtisodiyot. Atom energetikasi katta boshlang‘ich investitsiyalarni talab etadi, biroq bu iqtisodiy rivojlanish uchun uzoq muddatli, ishonchli va istiqbolli asos yaratadi, – deya qayd etdi A.Ahmedxo‘jayev.
O‘zbekiston atom dasturiga xorijiy hamkorlar ham qiziqish bildirmoqda. Geosiyosiy vaziyatdagi murakkabliklarga qaramay, dunyoning yetakchi davlatlaridagi kompaniyalar mamlakatimizda ikki kichik modulli “RITM-200N” reaktori va ikki yirik energoblokni o‘z ichiga olgan integratsiyalashgan AES loyihasi qanday amalga oshirilayotganini diqqat bilan kuzatib bormoqda. “O‘zatom” rahbarining izohlashicha, bunday qiziqish ko‘p jihatdan data-markazlarni barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalariga yaqin hududlarda joylashtirish imkoniyati bilan bog‘liq.
Plenar sessiyada “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov Markaziy Osiyo davlatlarida aholi soni va iqtisodiyot jadal o‘sib borayotganini ta’kidlab, O‘zbekistondagi o‘sish sur’atlarini atom sohasi uchun ilhomlantiruvchi misollardan biri sifatida qayd etdi. Plenar sessiya yakunida Lixachyov Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti filiali AES qurilishi bo‘yicha shartnomalar hali imzolanmasidan avval ochilganini ham eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yirik atom loyihalarini amalga oshirishda zarur bo‘lgan ishonch muhitini shakllantirgan omillardan biri bo‘ldi.
Forumda yoshlar mavzusiga ham alohida e’tibor qaratildi. “Impact Team 2050” xalqaro yoshlar maslahat kengashida O‘zbekiston nomidan Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti filiali talabasi Muhiddin Umidov ishtirok etdi.
– O‘zbekiston atom sohasi yoshlari nomidan so‘zga chiqish men uchun katta sharaf. Bu mavzu men uchun alohida ahamiyatga ega. Ishonch bilan ayta olamanki, atom sohasini rivojlantirish shunchaki yirik texnologik loyiha emas, balki mintaqa uchun yangi davr demakdir. Yoshlar uchun bu nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, ishonchli, xavfsiz va ekologik toza energetika tizimini yaratishda ishtirok etish imkoniyatidir, – dedi u.
Ta’kidlash kerakki, xalqaro maydonlarda yosh mutaxassislarimizning faol ishtiroki atom energetikasi sohasining kelajakda faqat davlatlararo kelishuvlar va yirik infratuzilma loyihalari doirasida rivojlanib qolmasligini, balki inson kapitali va kasbiy salohiyatning muhim omili sifatida ham shakllanib borishini yaqqol namoyon etmoqda.
Umuman olganda, bu kabi tashabbuslar atom energetikasi sohasining kelajakda nafaqat infratuzilma va texnologik yo‘nalish sifatida, balki inson kapitali, bilim va xalqaro hamkorlikka tayanadigan global tizim sifatida izchil rivojlanib borishini tasdiqlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA