Prezident tashrifi: ilm-fan va sun’iy intellekt taraqqiyotning yangi bosqichini belgiladi
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi bosqichida ilm-fan, innovatsiyalar va inson kapitali iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Shu bois mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida izchil qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 23-iyun kuni Namangan viloyatiga tashrifi ana shu strategik maqsadlarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Tashrif davomida hududda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma, sanoat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, madaniyat va sport sohalaridagi loyihalar bilan tanishildi, viloyatning istiqbolli taraqqiyotiga doir muhim vazifalar belgilab berildi.
Ayniqsa, Namangan viloyatini yangi iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalari rivojlangan yetakchi hududlardan biriga aylantirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega.
Ushbu tashrifning universitetimiz hayotidagi eng muhim voqealaridan biri davlatimiz rahbarining Namangan davlat texnika universitetida tashkil etilgan sun’iy intellekt ilmiy laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishgani bo‘ldi. Bildirilgan taklif va vazifalar oliy ta’lim muassasalari oldida turgan ustuvor maqsadlarni yanada aniq belgilab berdi hamda jamoamiz zimmasiga katta mas’uliyat yukladi.
Bugun sun’iy intellekt insoniyat taraqqiyotining eng muhim drayverlaridan biriga aylandi. Jahonda raqobat ustunligi endi tabiiy resurslar yoki ishlab chiqarish quvvatlari bilan emas, balki bilim, innovatsiya va ilg‘or texnologiyalar bilan belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda mazkur sohani izchil rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar uzoqni ko‘zlagan strategik siyosatning amaliy ifodasi hisoblanadi.

Universitetimizda sun’iy intellekt bo‘yicha ilmiy laboratoriya Xitoy Xalq Respublikasining ilg‘or tajribasi hamda “Asakabank” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. U zamonaviy ilmiy infratuzilmani shakllantirish bilan birga, ta’lim, innovatsiya va texnologiyalar transferini qamrab olgan yaxlit ekotizim sifatida rivojlantirilmoqda.
Bugun ushbu tuzilmani oddiy ilmiy laboratoriya deb atash uning mazmun-mohiyatini to‘liq ifoda etmaydi. U sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, robototexnika, startaplar, texnologiyalar transferi hamda amaliy tadqiqotlarni o‘zaro uyg‘unlashtirgan zamonaviy ilmiy-innovatsion xab sifatida faoliyat yuritmoqda.
Xab tarkibida tahlil markazlari, robototexnika va bionika laboratoriyalari, startap-akselerator, sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus tayyorgarlik xonalari hamda “aqlli auditoriyalar” tashkil etilgan. E’tiborli jihati, uning faoliyati “Tarmoq – korxona – oliygoh” integratsiya modeli asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu ilmiy ishlanmalarni bevosita ishlab chiqarishga joriy etish va ularning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bu yerda sun’iy intellekt va robototexnika, energetika, transport va logistika, arxitektura va qurilish, raqamli iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya, “aqlli shahar” texnologiyalari hamda kiberxavfsizlik kabi o‘ndan ortiq ustuvor yo‘nalishda tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz mazkur maskan faoliyati bilan tanishar ekan, ushbu tajribani kengaytirish, yoshlarning intellektual salohiyatini mamlakat taraqqiyoti yo‘lida safarbar etish hamda ilmiy ishlanmalarning amaliy ahamiyatini yanada oshirish zarurligini alohida ta’kidladi. Bu universitetimiz oldiga aniq strategik vazifalarni qo‘ydi.
Eng avvalo, sun’iy intellekt sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash ko‘lamini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan. Xab negizida minglab talabalarni sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili, robototexnika va raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘qitish, shuningdek, davlat tashkilotlari hamda iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, xalqaro ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Malayziya, Germaniya, Turkiya, Belarus va Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan professor-o‘qituvchilar tayyorlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishida hamkorlik izchil davom ettirilmoqda.

Kelgusida mazkur hamkorlik doirasida nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda mingdan ortiq maqola chop etish, patentlar olish hamda qo‘shma tadqiqot loyihalarini yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Ilmiy ishlanmalarning iqtisodiyotga ta’sirini kuchaytirish ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi. Zero, davlatimiz rahbari Namangan viloyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda har bir ilmiy ish va innovatsion g‘oya amalda natija berishi, hudud va tarmoqlar taraqqiyotiga xizmat qilishi zarurligini alohida ta’kidladi.
Bu bizdan mutlaqo yangi yondashuvni talab etadi. Endi har bir tadqiqot ishlab chiqarishdagi aniq muammolar yechimiga, har bir innovatsiya esa iqtisodiy samaradorlikni oshirishga xizmat qilishi lozim. Shu bois innovatsion tadbirkorlik va startap ekotizimini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Laboratoriya negizida har yili 30 dan ortiq startap va prototip yaratish, 2030-yilga qadar esa 100 dan ziyod innovatsion loyihani qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Bu yangi ish o‘rinlari yaratish, texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yoshlarning innovatsion faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz tomonidan Namangan viloyatida “Aql markazlari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, iqtisodiy diagnostika tizimini joriy etish va yangi iqtisodiy o‘sish drayverlarini shakllantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar universitetimiz zimmasiga ham muhim mas’uliyat yuklaydi. Olimlarimiz va tadqiqotchilarimiz bu jarayonda faol ishtirok etib, hudud taraqqiyotiga xizmat qiladigan amaliy ilmiy yechim va takliflarni ishlab chiqishga tayyor.
Bugun Namanganda yangi taraqqiyot muhiti shakllanmoqda. Zamonaviy xalqaro aeroport, “IT” – park, yirik investitsiya loyihalari, innovatsion ishlab chiqarish quvvatlari, raqamli boshqaruv tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi viloyat iqtisodiyotiga mutlaqo yangi qiyofa bag‘ishlamoqda.
Universitetimiz jamoasi Prezidentimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni amaliy natijalar bilan oqlashga intiladi. Buning uchun ilm-fanni iqtisodiyotning real sektori bilan yanada uzviy bog‘lash, raqobatbardosh muhandis kadrlar tayyorlash, eng muhimi, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan yangi g‘oyalar, texnologiyalar va innovatsion yechimlarni yaratish yo‘lida bor kuch va salohiyatimizni safarbar etamiz.
Oybek Ergashev,
Namangan davlat texnika universiteti rektori,
professor.
O‘zA