O‘zbekistonda innovatsion loyihalarga katta sarmoya ajratiladi (+video)
Raqamli texnologiyalar vazirligining kongress zalida "Powering the Startup Ecosystem" keng ko‘lamli tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizda startap ekotizimini yanada rivojlantirish, yosh dasturchilar va texnologik tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim yangiliklar e’lon qilindi.
Tadbir doirasida IT Park Uzbekistan mamlakatdagi eng yirik texnologik tanlov —"President Tech Award"ning yangi mavsumi va sun’iy intellekt sohasiga ixtisoslashgan yangi milliy tanlov — "President AI Award" start olganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, “President Tech Award”ning bu yilgi mukofot jamg‘armasi sezilarli darajada oshirilib, 1 million dollardan 5 million dollarga yetkazildi. Ushbu mablag‘ning bir qismi eng yaxshi loyihalar uchun grant sifatida ajratilsa, qolgan qismi istiqbolli startaplarni kengaytirish va rivojlantirish uchun investitsiya sifatida yo‘naltiriladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda ilk bor sun’iy intellekt texnologiyalariga bag‘ishlangan "President AI Award" tanlovi ham yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tanlov davlat boshqaruvi, sanoat, tibbiyot, ta’lim va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim sohalar uchun amaliy yechimlar yaratayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
[gallery-30171]
Ta’kidlanishicha, har ikki tanlov ham mahalliy startaplar uchun nafaqat moliyaviy ko‘mak, balki xalqaro ekspertlar bilan ishlash, investorlarga chiqish va global bozorga kirish imkoniyatlarini ham taqdim etadi.
Mutaxassislar fikricha, bu tashabbuslar O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va jahon bozorida raqobatlasha oladigan yangi avlod texnologik kompaniyalarini shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mDOBTyD7XAQ" title="O‘zbekistonda innovatsion loyihalarga katta sarmoya ajratiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, S.Obidjonov (montaj), O‘zA