TATUda “Sun’iy intellekt klasteri” ochildi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish va innovatsion ekotizimni mustahkamlashga xizmat qiluvchi “Sun’iy intellekt klasteri”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari B.Xo‘jayev, Vazirlar Mahkamasining sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalari departamenti rahbari Z.Mutalov, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek vazirlik va idoralar, IT sohasi korxona va tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Yangi tashkil etilgan “Sun’iy intellekt klasteri” — bu oddiy laboratoriya emas. Klaster degani bir joyda ta’lim, ilmiy tadqiqot, texnologiya yaratish va startaplarni rivojlantirish imkoniyatlarini birlashtiruvchi zamonaviy muhit. Bu yerda g‘oya tug‘iladi, sinovdan o‘tadi va amaliyotga joriy qilinadi.
Klaster doirasida universitetga zamonaviy GPU Cluster hamda yuqori unumdor serverlar taqdim etildi. Bu infratuzilma yoshlarga sun’iy intellekt modellarini yaratish, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, mashinali o‘qitish va murakkab ilmiy loyihalar ustida ishlash imkonini beradi.

Shuningdek, klaster tarkibida AI Laboratory, AI Prototyping Room va AI Lecture Room faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu maskanlarda talabalar sun’iy intellekt, 3D dizayn, IoT va innovatsion startaplar ustida ishlaydi.
Bu yoshlarga nazariy bilimni amaliyot bilan bog‘lash imkoniyatini beradi. Faqat dars bilan cheklanib qolmay, talabalar haqiqiy loyihalarda qatnashadi, o‘z startapini yo‘lga qo‘yadi, xalqaro bozor uchun mahsulot yaratadi. Bu esa kelajakda yuqori maoshli ish o‘rinlari, texnologik tadbirkorlik va global raqobatda ishtirok etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Klasterning asosiy maqsadi — O‘zbekistonda sun’iy intellekt bo‘yicha kuchli mutaxassislar avlodini shakllantirish, mahalliy texnologiyalarni yaratish va mamlakatning raqamli mustaqilligini mustahkamlash.
Nigora Rahmonova,
O‘zA