Gemodializ muolajasi, tibbiyotdagi yangi qadamlar va ustuvor vazifalar
Inson organizmi o‘ziga xos murakkab, puxta va muvozanatli ishlovchi tizim bo‘lib, undagi har bir a’zo hayotni ta’minlashda muhim vazifani bajaradi. Ana shu hayotiy muhim tizimlardan biri bo‘lgan siydik ajratish tizimi, xususan, buyraklar organizmning ichki muhiti doimiyligini saqlash, qonni turli toksinlar, ortiqcha suyuqlik va chiqindilardan tozalashdek o‘ta mas’uliyatli vazifani ado etadi. Biroq turli salbiy omillar ta’sirida buyrak faoliyati izdan chiqqanida, u o‘z vazifasini bajara olmay qoladi va natijada buyrak yetishmovchiligining og‘ir bosqichlari yuzaga keladi.
Mazkur holatda inson hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li sifatida gemodializ muolajasi maydonga chiqadi. Gemodializ inson buyragi bajara olmaydigan vazifani maxsus apparatlar va sun’iy filtrlar yordamida bajaruvchi, hayotni saqlab qoluvchi murakkab va muhim tibbiy jarayondir. Bu muolaja bemorning qonini sun’iy ravishda aylantirib, undagi zaharli moddalar, jumladan mochevina, kreatinin va ortiqcha tuzlarni chiqarib tashlaydi, elektrolitlar muvozanatini tiklaydi.
Gemodializga bo‘lgan ehtiyoj asosan surunkali buyrak yetishmovchiligining oxirgi bosqichiga yetgan insonlarda keskin seziladi, chunki bu bosqichda tabiiy buyrak to‘liq ishdan chiqqan bo‘lib, tibbiy aralashuvsiz organizm zaharlanib, hayot uchun xavfli asoratlar kelib chiqadi.

Mazkur xastalikning kelib chiqishiga asosan qandli diabet kasalligining og‘ir shakllari, arterial gipertoniya, ya’ni qon bosimining surunkali va nazorat qilib bo‘lmaydigan darajada oshishi, buyrakning yallig‘lanish kasalliklari, xususan glomerulonefrit va piyelonefrit, shuningdek irsiy moyillik, noto‘g‘ri ovqatlanish, dori vositalarini haddan tashqari va nazoratsiz iste’mol qilish kabi omillar bevosita sabab bo‘ladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo miqyosida surunkali buyrak kasalliklari ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda va bu tibbiyot oldida turgan global muammolardan biriga aylangan. Tibbiyot fanlarining rivojlanishi gemodializ apparatlarining yangi avlodlarini yaratish, tozalash jarayonlarini takomillashtirish hamda bemorlarning umrini uzaytirish borasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishga imkon berdi. Biroq bu sohada hamon yechimini kutayotgan ayrim muammolar mavjud bo‘lib, ular qatoriga muolajaning muntazamligi, bemorlarning tibbiyot muassasalariga borib-kelishdagi jismoniy charchoqlari, uzoq masofalar va yo‘l bois yuzaga keladigan qo‘shimcha xarajatlarni kiritish mumkin.

Har haftada bir necha marotaba gemodializ seanslarini olishga majbur bo‘lgan bemorlar uchun har bir kun va har bir qatnov katta kuch hamda moliyaviy mas’uliyat talab etadi. Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ilgari surilayotgan yangi tashabbus chinakam insonparvarlik va ijtimoiy himoyaning yorqin namunasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Aniqroq aytganda, vazirlik tomonidan rejali gemodializ muolajasini oluvchi bemorlarning tibbiyot muassasasiga borib-kelishi bilan bog‘liq yo‘l xarajatlarini davlat byudjeti hisobidan qoplashning yangi mexanizmini joriy etish rejalashtirilayotgani yurtimizda inson qadrini ustuvor qo‘yish siyosatining amaliy ifodasidir.

Mazkur taklifga ko‘ra, bemorlar muolajaga o‘zlari uchun qulay bo‘lgan transport, xoh u taksi, xoh shaxsiy avtomobil yoki boshqa jamoat transporti vositasida borib-kelishlari mumkin bo‘ladi hamda sarflangan mablag‘lar belgilangan tartibda to‘liq qoplab beriladi. Bu kabi yangi tizim bemorlarning og‘ir dardini yengillashtirish bilan birga, ularning vaqti va moddiy mablag‘larini sezilarli darajada tejashga, eng muhimi, transport vositasini o‘zlari xohlagancha mustaqil ravishda tanlash imkoniyatini beradi.
Ayni paytda mazkur muhim qarorni amaliyotga joriy etishdan oldin bemorlarning fikr va mulohazalarini o‘rganish maqsadida maxsus so‘rovnoma tashkil etilgan bo‘lib, u joriy yilning 15-avgust kuniga qadar davom etadi. Shu bois, har bir fuqaro va bemor ushbu jarayonda faol ishtirok etib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan onlayn so‘rovnoma orqali o‘z fikr va takliflarini bildirishi kelajakdagi amaliy qadamlarning yanada samarali va aniq manzilli bo‘lishini ta’minlaydi. Bu kabi sa’y-harakatlar jamiyatimizda hech bir inson e’tibordan chetda qolmasligini, davlatning doimiy g‘amxo‘rligi va e’tiborida ekanligini yaqqol namoyon etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA