5,7 milliard so‘mlik tender Raqobat qo‘mitasi nazoratiga tushdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Bir manzil, umumiy o‘tmish va milliardlik tender» nomli tanqidiy maqoladan so‘ng Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi tomonidan 2026-yil 4-avgust kuni 475 to‘plam seysmik datchik xarid qilish uchun boshlang‘ich qiymati 5,7 milliard so‘m bo‘lgan tender tashkil etilgan.
O‘rganish jarayonida buyurtmachi — Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi hamda «Drilltechpro» va «Edulab» MCHJlar harakatlarida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgan bo‘lishi, ya’ni savdolarda raqobatni cheklashi yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar alomatlari aniqlangan.
Shu munosabat bilan mazkur tashkilotlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.
Raqobat qo‘mitasi ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.
N.Rahmonova, O‘zA