Sirdaryo yanada yashillashmoqda
Sirdaryo viloyatida ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish va aholi uchun sog‘lom yashash muhitini shakllantirishga qaratilgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Viloyatda yangi yashil jamoat parklari barpo etish, himoya o‘rmonzorlarini kengaytirish hamda chegaradosh hududlarda «yashil devor» yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Guliston shahrining Obodyurt mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi «Yashil bog‘lar» va «Yashil jamoat parklari»ni barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori asosida 5 gektar maydonda yangi yashil jamoat parki barpo etildi. Loyiha doirasida 2 ming 500 tup manzarali daraxt ko‘chati ekildi.

Ko‘chatlarni muntazam sug‘orish, parvarishlash va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Bu ularning yaxshi ildiz otishi, sog‘lom o‘sishi va yashovchanligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Viloyatdagi ekologik ishlar bu bilan cheklanmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-martdagi «Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida» gi qarori ijrosi doirasida Qozog‘iston va Tojikiston respublikalari bilan chegaradosh hududlarda umumiy uzunligi 84 kilometr bo‘lgan «yashil devor» barpo etilmoqda.
Loyihani amalga oshirish uchun Sirdaryo, Mirzaobod, Xovos va Oqoltin tumanlaridagi chegaradosh hududlardan jami 158,7 gektar yer maydoni ajratilib, Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi tasarrufiga berildi. Hozirda ushbu hududlarda himoya o‘rmonzorlarini barpo etish ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.

Bahorgi ko‘chat ekish mavsumida Mirzaobod tumani chegara hududining 5,3 kilometr qismiga 6 ming 800 tup qayrag‘och, jiyda, tut va yasin ko‘chati ekildi. Sirdaryo tumanida esa avvalgi ekishlarda bo‘sh qolgan hududlarni to‘ldirish maqsadida 6 ming 100 tup ko‘chat, jumladan, 1 ming 900 tup tut va 4 ming 200 tup terak ko‘chati o‘tqazildi. Shu tariqa bahorgi mavsumda viloyat bo‘yicha qariyb 13 ming tup daraxt ko‘chati yerga qadaldi.
Mutaxassislar fikricha, himoya o‘rmonzorlari shamol eroziyasi va chang-qum bo‘ronlarining salbiy ta’sirini kamaytirish, tuproq eroziyasining oldini olish, namlikni saqlash hamda qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, ular atmosferadagi karbon gazini yutish, havo sifatini yaxshilash, biologik xilma-xillikni asrash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga munosib hissa qo‘shmoqda.

— Ko‘kalamzorlashtirish ishlari bir mavsumlik tadbir emas, balki viloyatning ekologik barqarorligini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli dasturning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. «Yashil jamoat parklari» va «yashil devor» loyihalari shamol eroziyasi hamda chang-qum bo‘ronlarining salbiy ta’sirini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash, biologik xilma-xillikni asrash va aholi uchun sog‘lom ekologik muhitni shakllantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Shu bois kelgusi yillarda ham viloyatning barcha shahar va tumanlarida yashil hududlar maydonini kengaytirish, himoya o‘rmonzorlarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish hamda zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish ishlari izchil davom ettiriladi, — deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Nu’monov.

E’tiborlisi, bugun ko‘kalamzorlashtirish ishlari viloyatning deyarli barcha shahar va tumanlarini qamrab olgan. Yangi barpo etilayotgan yashil jamoat parklari va himoya o‘rmonzorlari ekologik muvozanatni mustahkamlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va hududning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Muhimi, bugun amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari Sirdaryoning ekologik qiyofasini yanada yaxshilash, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish hamda kelajak avlod uchun sog‘lom yashash muhitini shakllantirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Zero, bugun ekilgan har bir ko‘chat ertangi ekologik barqarorlik va aholi farovonligi uchun mustahkam poydevordir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri