Farg‘ona mexanika zavodi hududida joylashgan “Central Asia Motors” korxonasida umumiy qiymati 50 million dollar bo‘lgan “Elektromobillar uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda yengil va yuk elektromobillar ishlab chiqarish” loyihasi hayotga tadbiq etilmoqda.
Ushbu mablag‘ning 5 million dollari tadbirkorning o‘z mablag‘lari, yana 5 million dollari bank krediti bo‘lsa, qolgan 40 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisoblanadi.
Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan va 2022 yilda yakunlanadigan loyiha natijasida 350 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Korxona to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yillik 10 ming dona elektromobil ishlab chiqariladi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mazkur korxonada bo‘lib, loyihani ishga tushirish bilan bog‘liq jarayonlar bilan tanishdi.
Viloyat hokimi bilan muloqot chog‘ida korxona rahbari loyihaning bugungi holati haqida ma’lumot berdi. Joriy yilning dekabr oyida 4 ta yengil va 8 ta yuk elektromobillari test rejimida yangi korxona konveyerlaridan chiqadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda elektromobillarni quvvatlantirish shaxobchalari ommalashmaganini hisobga olgan holda, dastlabki bosqichda gibrid quvvatli (tok va benzin) elektromobillar ishlab chiqarilib, bunda elektr quvvati 20 foizdan kamayganda benzin dvigateli ishga tushadi hamda benzin bilan ishlash jarayonida elektromobil batareyasi quvvat oladi.
Hozirda elektromobillarni yig‘ish va test uskunalaridan o‘tkazish sexi hamda elektroforez va bo‘yash sexi ishlab chiqarish jarayonlariga tayyor bo‘lib, elektromobillarning kuzov qismini payvandlash uchun sex tashkil etishga qo‘shimcha ishlab chiqarish maydoniga ehtiyoj borligi masalasi o‘rtaga tashlandi.
Viloyat rahbari mexanika zavodi hududidagi bo‘sh turgan maydonlardan ushbu investitsion loyihani yakunlash uchun belgilangan tartibda joy ajratib berish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriq berdi.
[gallery-4302]
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA