Davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 15 foizgacha preferensiya beriladi
Davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.
Bugungi kunda ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish iqtisodiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu jarayonda tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, ularga amaliy yechim topish hamda davlat xaridlari tizimida ochiqlik va raqobat muhitini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent shahrida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlik sub’ektlari bilan navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Toshkent shahrida bevosita 70 nafar, hududlardan onlayn tarzda 120 nafardan ortiq, jami 200 ga yaqin tadbirkor va mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda Agentlik rahbariyati, davlat xaridlarining elektron tizimlari operatorlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar, nazorat organlari, vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi.
Ochiq muloqotning asosiy maqsadi — davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, tadbirkorlar duch kelayotgan tizimli muammolarni bevosita o‘rganish va ularning takliflari asosida aniq amaliy yechimlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, elektron savdo platformalaridan foydalanish va davlat xaridlarida ishtirokni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
[gallery-30876]
E’tiborli jihati, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar bir martalik tadbir emas, balki ularning muammolarini tizimli o‘rganish va hal etishga qaratilgan mexanizmga aylanib bormoqda. Shu vaqtga qadar respublika hududlaridagi 208 ta tuman va shaharda tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Ularda jami 2 710 nafar tadbirkor ishtirok etdi. Bundan tashqari, tadbirkorlarning muammo va takliflarini sohalar kesimida chuqur o‘rganish maqsadida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat, yengil sanoat hamda farmatsevtika yo‘nalishlarida alohida ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlarda 450 nafar tadbirkor ishtirok etib, 30 ta masala ko‘tarildi. Shundan 20 tasi joyida hal etildi.
– Hududlardagi ochiq muloqotlar davomida esa jami 447 ta muammo va taklif bildirildi, – deydi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktor o‘rinbosari Jahongir Yunusov. – Ularning 155 tasi joyida hal etildi, 75 ta masala yuzasidan huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi. Yana 214 ta masala bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ularning ijrosi nazoratga olindi. Ko‘tarilgan masalalar asosan elektron platformalarga mahsulotlarni joylashtirish va moderatsiyadan o‘tkazish, sertifikat va litsenziya talablari, davlat buyurtmachilari tomonidan qo‘yilayotgan ayrim talablar, shartnoma bo‘yicha to‘lovlarning kechikishi, mahalliy mahsulotlarni davlat xaridlariga kiritish hamda elektron xarid tizimlaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘ldi.
Mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ichki talabdan samarali foydalanish maqsadida yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-fevraldagi tegishli farmoni bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning davlat xaridlarida ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qator imkoniyat va preferensiyalar belgilandi. Jumladan, byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlarida xorijiy yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda, ularning soniga qarab 8 foizdan 15 foizgacha narx preferensiyasi berish mexanizmi joriy etildi.
Shuningdek, yuqori va o‘rta barqarorlik reytingiga ega ishlab chiqaruvchilar uchun xaridlarda ishtirok etishdagi vositachilik yig‘imiga 50 foiz chegirma berish, qo‘shimcha zakalat kiritmaslik hamda byudjet buyurtmachilari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida “mahalliy auksion” savdolarini o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Mahalliylashtirish darajasi 30 foiz va undan yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berishda esa bo‘nak to‘lovlarini mahalliylashtirish darajasiga mutanosib ravishda amalga oshirishga ruxsat berildi.
Muloqotda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish, mahalliy mahsulotlarga bo‘lgan talabni oshirish, davlat buyurtmachilari bilan kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash va davlat xaridlarida faol ishtirok etish bo‘yicha tadbirkorlarga zarur tushuntirishlar berildi.
Davlat xaridlari tizimi tadbirkorlik sub’ektlari, ayniqsa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun muhim bozorlardan biri hisoblanadi. 2026-yilning birinchi yarmida davlat xaridlari hajmi 188,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Shundan raqobatli xaridlar hajmi qariyb 113 trillion so‘mga yetdi. O‘tkazilgan xaridlar natijasida esa 7,8 trillion so‘m mablag‘ iqtisod qilindi.
Ayni paytda davlat xaridlari bozorida tadbirkorlar ishtirokini yanada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud. Bugun respublikada 646 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularning qariyb 344 mingtasi davlat xaridlarining elektron tizimlarida ro‘yxatdan o‘tgan. Biroq amalda davlat xaridlarida ishtirok etgan faol tadbirkorlar soni 126 ming atrofida, shartnoma tuzishga erishgan tadbirkorlar esa qariyb 36 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu raqamlar tadbirkorlarni davlat xaridlariga kengroq jalb etish, elektron platformalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish va raqobatli xaridlarda ishtirokini rag‘batlantirish uchun hali katta imkoniyatlar borligini ko‘rsatadi. Shu bois ochiq muloqotda kichik va o‘rta biznes sub’ektlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, xususan, xotin-qizlar tadbirkorligining davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqotning muhim jihati shundaki, unda tadbirkorlarning muammolari shunchaki eshitilib qolmasdan, ularni hal etishning aniq mexanizmlari ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan muammo va takliflarni mas’ul tashkilotlar ishtirokida o‘rganish, ularni hal etish muddatlari va keyingi amaliy qadamlarni belgilash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Hududlar, tarmoqlar hamda mazkur ochiq muloqot davomida bildirilgan murojaatlar Agentlik tomonidan yo‘nalishlar kesimida umumlashtiriladi. Ularning yechimi bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Amaldagi qonunchilikni takomillashtirishni talab etadigan takliflar esa alohida tahlil qilinib, belgilangan tartibda tegishli takliflar shakllantiriladi.
Eng muhimi, bunday ochiq muloqotlar davlat idoralari va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, muammolarni joyida aniqlash va ularga tezkor yechim topish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Zero, mahalliy ishlab chiqaruvchi uchun yaratilgan har bir yangi imkoniyat — yangi bozor, yangi buyurtma va yangi ish o‘rinlari demakdir. Bu esa, o‘z navbatida, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
Farhod Abdurasulov (suratlar)
O‘zA