Uzumchilik serdaromad soha
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi “Zaytunzor” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida uzumchilik fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun sohani rivojlantirib, hosildorlikni oshirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Tajribali fermer Haydarxon Mahmudov mavjud ekin maydonining yarim gektarida “toifi”, “Rizamat”, “Mersedes” navli uzum bog‘i barpo etgan. Bog‘dorchilikning hadisini olgan fermer har yili uzumzordan mo‘l hosil oladi. U yerning tilini, tok parvarishlash sirini chuqur egallagan. Mohir bog‘bon yetishtirgan uzumlar boldek shirinligi bilan ichki bozorda xaridorgir.

Seminarda tuman hokimi o‘rinbosari N.Normurodov va boshqalar mamlakatimizda samarasiz bog‘larni yangilab, sanoatlashgan bog‘lar barpo etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bog‘larni yangilash jarayonlarida qo‘llaniladigan imtiyozlar va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Bog‘bonning toklarni parvarishlash va mo‘’jazgina yer maydonidan mo‘l hosil yetishtirish sirlari o‘rganildi.

Seminarda uzumzorlarni parvarishlash, toklarni ilg‘or agrotexnik usulda joylashtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etib, bozorbop, sifatli, mo‘l hosil olish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri