Toshkentda 600 mingdan ortiq kvartira baholandi: qiymat 7,4 barobar yuqori
Ko‘chmas mulkni baholash tizimida yangi yondashuv — ob’ektlarning bozor sharoitiga yaqin qiymatini yagona va shaffof mezonlar asosida aniqlash imkonini beradi. Toshkent shahrida o‘tkazilgan dastlabki ommaviy baholash natijalari esa amaldagi kadastr qiymati bilan bozorga yaqinlashtirilgan qiymat o‘rtasida sezilarli tafovut borligini ko‘rsatdi.
Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazining ma’lum qilishicha, 2025-yil 5-martdagi 43-son Prezident farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Ushbu jarayonning dastlabki tajriba-sinov ishlari Toshkent shahrida amalga oshirildi.
Ommaviy baholashning asosiy maqsadi — ko‘chmas mulk ob’ektlarining qiymatini zamonaviy usullar asosida, yagona mezonlar bo‘yicha aniqlash va ularni bozor sharoitiga yaqinlashtirishdan iborat. Bunda ob’ektning nafaqat texnik xususiyatlari, balki uning joylashuvi, hududdagi infratuzilma, yer uchastkasining qiymati va boshqa muhim omillar ham inobatga olinadi. Toshkent shahrida o‘tkazilgan dastlabki ommaviy baholash natijalari amaldagi kadastr qiymati bilan ko‘chmas mulkning bozor sharoitlariga yaqinlashtirilgan qiymati o‘rtasida sezilarli farq mavjudligini ko‘rsatdi.
Xususan, 600 mingdan ortiq kvartira bo‘yicha ommaviy baholash natijasida aniqlangan qiymat amaldagi kadastr qiymatidan o‘rtacha 7,4 barobar yuqori bo‘lgan. 215 mingta hovli-joy ob’ekti bo‘yicha esa ushbu ko‘rsatkich 15 barobarni tashkil etgan.
Bunday katta tafovutning asosiy sabablaridan biri amaldagi kadastr qiymatini belgilashda ko‘chmas mulkning bozor qiymatiga ta’sir etuvchi ayrim omillar to‘liq hisobga olinmagani bilan bog‘liq. Jumladan, ob’ektning joylashuvi, unga yaqin hududdagi transport va ijtimoiy infratuzilmaning rivojlanganlik darajasi, yer uchastkasining qiymati kabi omillar amaldagi kadastr bahosida to‘liq aks etmagan.
Yangi tizimning muhim jihati shundaki, ommaviy baholashda bir hududdagi ko‘plab o‘xshash ob’ektlarni baholash uchun yagona va zamonaviy yondashuvlardan foydalaniladi. Bu esa baholash jarayonida sub’ektiv yondashuvlarni kamaytirish, shaffoflikni ta’minlash va ko‘chmas mulk qiymatini ob’ektivroq aniqlash imkonini beradi.
Bunda zamonaviy axborot texnologiyalari va ma’lumotlar bazalaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘chmas mulk ob’ektlari haqidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish va tahlil qilish orqali ularning qiymatiga ta’sir qiluvchi omillarni yanada aniqroq baholash imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, ommaviy baholash natijasida aniqlangan qiymat ko‘chmas mulkning majburiy sotuv narxi hisoblanmaydi. Ya’ni mazkur qiymat mulk egasini ob’ektni shu summada sotishga majburlamaydi.
Aksincha, u ko‘chmas mulkning bozor sharoitlariga yaqin qiymatini yagona, shaffof va zamonaviy mezonlar asosida aniqlash uchun xizmat qiladi. Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimining bosqichma-bosqich joriy etilishi kelgusida ko‘chmas mulk bozorida shaffoflikni oshirish, baholash jarayonlarini zamonaviylashtirish va mulk qiymati haqida yanada ob’ektiv ma’lumot shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA