Suv infratuzilmasini modernizatsiya qilishda xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi
Suv resurslaridan oqilona foydalanish, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suvlarni boshqarish tizimini takomillashtirish bugungi kunda nafaqat ekologik barqarorlik, balki hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi muhim omillardan biriga aylanmoqda. Shu bois mamlakatimizda mazkur yo‘nalishdagi infratuzilmani modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va sohaning investitsion salohiyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni jarayonda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, suv ta’minoti va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish, hududiy korxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy maxsus texnika va uskunalar bilan ta’minlash borasida xalqaro tajriba va moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilyapti.
Shu maqsadda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari N. Xodjamov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida o‘tkazilayotgan “AIIB Urban Knowledge Forum 2026” forumida ishtirok etmoqda.

Mazkur nufuzli tadbir shahar infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy va barqaror shahar muhitini shakllantirish, shuningdek, suv ta’minoti tizimida ilg‘or yechimlarni qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lmoqda.
Tashrif doirasida shahar va suv infratuzilmasini rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari o‘rganilmoqda. Jumladan, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash sifatini oshirish, oqova suvlarni samarali tozalash, iqlim o‘zgarishlari ta’siriga chidamli va barqaror infratuzilmani shakllantirish, shuningdek, sohaga innovatsion va texnologik yechimlarni keng joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashilmoqda.
Forumda “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB)”ning shaharsozlik va suv sektoridagi strategik ustuvor yo‘nalishlari ham muhokama qilinmoqda. Bunda bank tomonidan infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari va amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.

Muloqotlar davomida sohada mavjud muammolar, ularning amaliy yechimlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan takliflar ko‘rib chiqilmoqda. Ayniqsa, suv ta’minoti va oqova suv infratuzilmasini yangilashga qaratilgan investitsiya loyihalarini shakllantirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshirish va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama etilmoqda.
Bugungi kunda suv xo‘jaligi sohasida har bir yangi loyiha nafaqat mavjud infratuzilmani yangilash, balki aholi uchun yanada qulay va sifatli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, suv resurslaridan tejamkor va samarali foydalanish hamda kelajak avlodlar uchun barqaror tizim yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Shu nuqtai nazardan, “O‘zsuvta’minot” AJning xalqaro moliya institutlari, jumladan, “OIIB” bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslari mamlakatimizda suv ta’minoti sohasini yangi bosqichga olib chiqish, investitsiyaviy loyihalar ko‘lamini kengaytirish va ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA