Cho‘lpon-Otada boshlangan yangi sahifa: O‘zbekiston-Qirg‘iz Respublikasi ittifoqchiligi mintaqada yangi geosiyosiy voqelikni shakllantirmoqda
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo geosiyosiy va geoiqtisodiy jihatdan mutlaqo yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalar shunchaki yaxshi qo‘shnichilik tamoyillaridan o‘tib, strategik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasiga amalga oshirgan navbatdagi davlat tashrifi va Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar ushbu geosiyosiy transformatsiyaning mantiqiy davomi va eng yuqori nuqtalaridan biri bo‘ldi.
Ushbu tashrifning mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya va geosiyosiy barqarorlik uchun strategik ahamiyati nimada?
Tashrifning eng muhim siyosiy va huquqiy natijasi — Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolanganidir. Bu shunchaki navbatdagi diplomatik hujjat emas, balki ikki tomonlama munosabatlar institutsionallashuvining eng yuqori bosqichi hisoblanadi.
Agar ilgari tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar ko‘proq deklarativ va jadal muloqot shaklida olib borilgan bo‘lsa, endilikda ular yagona va mustahkam huquqiy poydevorga ega bo‘ldi.
Ikki mamlakat Prezidentlari raisligida tuzilayotgan Davlatlararo kengash qabul qilinayotgan strategik qarorlarning ijrosini operativ muvofiqlashtirish va siyosiy irodani tezkor amalga oshirish mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi.
Iqtisodiy tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, oxirgi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi deyarli 10 barobarga oshib, 1,2 milliard dollardan oshgani kuzatildi. Biroq mavjud iqtisodiy va logistik potensial bu ko‘rsatkichni yaqin istiqbolda 3 milliard dollarga yetkazish imkonini beradi.
Bu maqsadga erishish shunchaki oddiy savdo-sotiqni kengaytirish evaziga emas, balki chuqurlashtirilgan sanoat kooperatsiyasi orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Energetika, elektrotexnika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalarida qo‘shma qiymat zanjirlari yaratilmoqda.
Qo‘shma Investitsiya fondi ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari va ishbilarmon doiralarining loyihalarini moliyalashtirish uchun resurslarni safarbar etmoqda.
Yil yakuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan birinchi hududlar forumi esa “markaz-hududlar” o‘rtasidagi vertikal va gorizontal iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Geosiyosiy beqarorlik va global ta’minot zanjirlari uzilayotgan hozirgi davrda Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini oshirish hayot-mamot masalasiga aylandi. Tashrif doirasida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Ushbu magistral shunchaki uch taraflama loyiha emas, balki butun Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq hamda Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi muhim muqobil quruqlik yo‘laklaridan biriga aylanadi.
Temir yo‘l bo‘ylab chegaraoldi va savdo-logistika infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, bojxona va o‘tkazish punktlaridagi tartib-taomillarni to‘liq raqamlashtirish hamda yagona tarif siyosatini shakllantirish mintaqaning yirik tranzit va logistika xabiga aylanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va barqarorlikning eng nozik ustunlaridan biri — bu suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanishdir. Ko‘p yillar davomida ushbu masala mintaqada ziddiyatli mavzu sifatida qarab kelingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib u o‘zaro manfaatli strategik hamkorlik maydoniga aylandi.
Oliy darajadagi muzokaralarda “Qambarota GES-1” qurilishi loyihasini amaliy bosqichga o‘tkazish va tegishli shartnomalarni tezlashtirish muhim yo‘nalish sifatida belgilandi.
Ushbu loyiha Qirg‘iz Respublikasining qishgi mavsumda elektroenergiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi va eksport salohiyatini oshiradi.
Shu bilan birga, Janubiy viloyatlar va O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi yerlari uchun yozgi sug‘orish mavsumida suv manbalarining tizimli kafolatini yaratib, “yashil” energetika ulushini oshirish orqali ekologik barqarorlikka xizmat qiladi.
Sohada “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish, shuningdek, Issiqko‘l viloyatidagi kurort-rekreatsiya ob’ektlari bo‘yicha huquqiy masalalarning uzil-kesil hal qilinishi ikki mamlakat o‘rtasida uzoq yillar davomida to‘planib qolgan eng murakkab muammolar ham siyosiy iroda va oqilona murosa orqali yechilishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Har qanday siyosiy va iqtisodiy ittifoqning bardavomligi jamiyatlar o‘rtasidagi ishonch va gumanitar aloqalar bilan o‘lchanadi. Oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida imzolangan hujjatlar paketi aynan fuqarolar manfaatlariga yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi.
Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari va chegaradan o‘tish rejimini soddalashtirish ijtimoiy va oilaviy rishtalarni mustahkamlaydi. Ijtimoiy sug‘urta va pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi bitim mehnat migratsiyasi va ijtimoiy himoya sohasida fuqarolarning huquqlarini teng ta’minlashga xizmat qiladi. Oliy ta’lim va akademik mobillik, ta’lim kreditlari va diplomlarni o‘zaro tan olish hamda rektorlar forumlari esa yoshlar o‘rtasida mushtarak dunyoqarashni shakllantiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasining oliy davlat mukofoti — I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlanishi nafaqat davlat rahbarining shaxsiy diplomatik xizmatlariga, balki ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik munosabatlarini tiklash yo‘lidagi umumiy yutuqlarga berilgan munosib baho bo‘ldi.
Umuman olganda, O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘iz Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi siyosiy muhit vaqtinchalik holat emas, balki uzoq muddatli va institutsional asoslarga ega bo‘lib borayotgan jarayon ekanini isbotladi.
O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasining ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilishi mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikning yangi kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Bu geoiqtisodiy bloklashuv va tashqi xavf-xatarlar sharoitida ichki resurslarni safarbar etish imkonini beradi hamda Markaziy Osiyoning yagona, jipslashgan va global geosiyosatda o‘z so‘ziga ega bo‘lgan sub’ekt sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
Bugun Cho‘lponotada qo‘yilgan qadamlar nafaqat bugungi avlod, balki mintaqaning kelajakdagi barqaror va farovon rivojlanishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi muqarrar.

Ibrohimjon Saydullayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti