Voyaga yetmagan shaxsga transportni berish javobgarlikka sabab bo‘ladi
Voyaga yetmagan shaxslarga avtotransport vositalarini boshqarishga berib qo‘yish, aholi punktlari hududida noqonuniy poyga tashkil etish holatlari tez-tez uchramoqda. Oqibatda turli yo‘l-transport hodisalari, avtohalokatlar sodir bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, bunday ehtiyotsizliklar ko‘plab insonlarning bevaqt dunyodan ko‘z yumishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonunchiligimizda voyaga yetmagan shaxsni ozodlikdan mahrum etish mumkin emas. Lekin ular tomonidan sodir etilgan avtohalokatlar oqibatida halok bo‘lgan insonlarning yaqinlari aybdor jazosiz qolishiga e’tiroz bildiradi.
Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan hamda Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida mazkur qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan voyaga yetmagan shaxsga transportni boshqarishga topshirish, noqonuniy poyga tashkil etish va bevosita ishtirokchi sifatida qatnashganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, yuk mashinalari tungi vaqtda yo‘l chetida harakat ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan holatda to‘xtab turishi yoki ularni tashlab ketish, transport vositasini boshqarishda belgilangan tezlikni 80 km/soatdan ortiq yuqori tezlikda oshirish kabi qoidabuzarliklar uchun alohida ma’muriy javobgarlik normalari nazarda tutilmoqda.
— Ushbu qonun loyihasida voyaga yetmagan shaxslarga avtotransport vositasini boshqarishga berilishi oqibatida yuzaga kelgan og‘ir holatlarda ozodlikdan mahrum qilish va transport vositasini 6 oy muddatga musodara etish ko‘zda tutilmoqda, — dedi fraksiya a’zosi Noiba Inoyatova. — Shuningdek, yuk mashinalarini tungi vaqtda yo‘l chetida harakat ishtirokchilariga noqulay holatda qoldirib ketganlik uchun transport vositasini musodara qilish va ozodlikdan mahrum qilish masalasi belgilanmoqda. Loyihaning qabul qilinishi turli yo‘l-transport hodisalarini bartaraf etish va aholi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, amalda qo‘llanilgan jarima va 15 sutka qamoq jazosi transportni boshqarish huquqi bo‘lmagan va mahrum etilgan shaxs sodir etgan “yo‘l bezoriligi” uchun qo‘shimcha ravishda transportni musodara qilish yoki transportni vaqtincha olib qo‘yish jazo sanksiyalari bilan og‘irlashtirilishi belgilanmoqda.
Muhokamalarda bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va mas’ullar tomonidan tushuntirishlar berildi.
Shundan so‘ng yig‘ilishda fraksiya a’zolarining shu yil 29-iyul - 1-avgust kunlari saylov okruglarida o‘tkazgan uchrashuvlarining yakunlari ham ko‘rib chiqildi. Ma’lum qilinganidek, deputatlar o‘z saylov okruglaridagi mahallalar, xonadonlar va ijtimoiy-iqtisodiy ob’ektlarda bo‘lib, aholi bilan ochiq va samarali muloqotlar o‘tkazdi. Shuningdek, aholi murojaatlari asosida bir qator masalalar joyida hal etilib, tizimli masalalar yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Muhtarama Komilova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA