Qarovsiz qirg‘oqlarda bo‘y ko‘rsatgan katta imkoniyatlar odamlar hayotini o‘zgartirmoqda
Mustaqillikning 35 yilligi
Ariq yoki kanal bo‘ylarini bir ko‘z oldingizga keltiring. Ko‘p hollarda qarovsiz, yovvoyi o‘t-o‘lanlar bosgan, chiqindilar to‘planadigan joy xayolimizda jonlanadi. Unday qirg‘oqlarga bolalarni umuman yaqinlashtirmaymiz. Ilonmi, chayonmi chaqib olmasin deymiz.
Bunaqa oqar suvlarni mamlakatimizning ko‘plab aholi yashash manzillarida uchratamiz. Keyingi yillarda atrofdagi xonadonlar va aholi uchun noqulaylik manbai bo‘lgan bunday muhit yangi qiyofaga o‘ta boshladi. Yovvoyi manzaralar mutlaqo o‘zgarmoqda.
Kechagina tashlandiq va xavfli bo‘lgan o‘sha kanal bo‘ylari bugun mahallalarning eng so‘lim, eng gavjum maskanlari qatoriga kirmoqda. Bu insonlarning turmush tarzi va odamlarning kayfiyatini tubdan o‘zgartirayotgan hayotiy islohotlar natijasidir.
Hududlarda sohil bo‘yi maskanlari tartibga solinib, u yerda zamonaviy sharoitlar yaratilayotgani bir vaqtning o‘zida ikkita muhim vazifani hal etmoqda. Bir tomondan aholi uchun qulay, xavfsiz va mazmunli dam olish maskanlari yaratilyapti. Ikkinchi tomondan esa yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solish orqali hududlarni rivojlantirishga kuchli turtki berilmoqda.
Bu borada Toshkent viloyatining Bekobod shahridan oqib o‘tuvchi “Xos yoz” kanali bo‘yida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari alohida e’tiborga molik. Shahar markazidan o‘tuvchi bu kanal bo‘yi bir paytlar qarovsiz, tartibsiz va tashlandiq ahvolda edi. Bugun esa bu yer shaharliklarning eng sevimli, so‘lim go‘shasiga aylandi.

Loyihaning ko‘lami va qamrovi chindan ham hayratlanarli. Kanal qirg‘og‘ining uzunligi 2,9 kilometrni, unga tutash obodonlashtirilgan umumiy hudud esa 6,5 gektarni tashkil etadi. Bu yerda olib borilgan ishlarni oddiygina qurilish desak xato bo‘ladi. Bu raqamlar ortida atrofdagi 8 ta mahallada istiqomat qiluvchi 30 ming nafarga yaqin aholining hayotiy ehtiyojlari, bolalarning xavfsizligi va oilalarning mazmunli hordiq chiqarishiga bo‘lgan yuksak e’tibor mujassam. Mahallalar yon-atrofida barcha zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan yashil eko-hudud barpo etildi.
Ahamiyatlisi, mazkur loyihaning umumiy qiymati 12,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Bunda davlat va xususiy sektor hamkorligining go‘zal namunasi namoyon bo‘ldi. Mablag‘ning 3,7 milliard so‘mi davlat byudjeti hisobidan yo‘naltirilgan. Qolgan 7 milliard so‘mi tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hamda 2 milliard so‘mi bank krediti hisobiga moliyalashtirildi. Davlat tomonidan sohil bo‘yida zarur infratuzilma yaratish uchun boshlang‘ich mablag‘ ajratilgani tadbirkorlarda katta ishonch uyg‘otdi. Bu yerda tadbirkorlar o‘z biznes loyihalarini amalga oshirishlari uchun kafolatlangan va barqaror muhitga ega bo‘lishdi.
– Bu yerda landshaft dizayniga ham alohida urg‘u berilib, 500 tup noyob manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi, – deydi mehnat faxriysi Gulzira Sharipova. – Zamonaviy zinapoyalar, xavfsizlikni nazorat qilish punkti hamda bolajonlarning quvonchiga sabab bo‘layotgan ulkan charxpalak bu maskanni chinakam shodlik markaziga aylantirdi. Yana yashil texnologiyalarga alohida e’tibor qaratildi. Quyosh panellari o‘rnatilgani maskanning mustaqil va tejamkor energiya tizimiga ega bo‘lishini ta’minladi. Mana atrofga qarang, hamma xursand, sayr qilib yuribdi. Bizga o‘xshagan nuroniylar gurunglashib o‘tiradigan joylar ham bo‘sh emas. Bu yerda hamisha shunday ko‘tarinki va bayramona kayfiyat hukmron.
Puxta ishlab chiqilgan master-reja doirasida sohilda mukammal infratuzilma zanjiri yaratildi. Aholi, ayniqsa, yosh bolalar va keksalar xavfsizligini ta’minlash uchun 3 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi va 5,4 kilometrlik mustahkam to‘siqlar qurildi. Suv ustida barpo etilgan 2 ta ko‘prik hududga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi. Hududning hamisha yashnab turishi uchun 8 ta zamonaviy suv nasosi va 1,5 kilometrlik sug‘orish tarmoqlari ishga tushirildi. Oqshom sayrlari aholiga zavq bag‘ishlashi uchun 190 ta zamonaviy yoritish chirog‘i, sohil bo‘ylab 55 ta shinam o‘rindiq va chiqindi qutilari joylashtirildi.

Bu kabi xayrli va puxta o‘ylangan tashabbuslar boshqa hududlarni ham qamrab olmoqda. Masalan, O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali bo‘yida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ham tahsinga loyiq. Bu yerda o‘tgan yili boshlangan qurilish ishlari natijasida 32 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ hisobidan sohil bo‘yining 9 kilometr uzunlikdagi qismi obodonlashtirilmoqda.
Ikki bosqichda amalga oshirilayotgan loyihaning dastlabki bosqichida Tinchlik va Qorasuv mahallalari oralig‘idagi 1,6 kilometrlik sohil qismi foydalanishga topshirildi. Bu yerda piyodalar yo‘laklari, go‘zal favvora, vorkaut maydonchalari, salqin akvapark hamda ko‘prik osti tunneli aholi xizmatida. Manzarali daraxtlar, qulay o‘rindiqlar, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hududga o‘zgacha fayz bag‘ishlamoqda. Loyihaning keyingi bosqichida esa Qorasuv, Rovatak va Fayzobod mahallalaridan o‘tuvchi qismida zamonaviy ko‘ngilochar, dam olish va gastronomik ko‘chalar tashkil etilib, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari soni 6 taga yetkaziladi.
Xo‘sh, bu kabi xayrli va keng ko‘lamli loyihalar avvalo davlatga nima beradi? Avvalo, yillar davomida foydalanilmay va qarovsiz yotgan “o‘lik maydonlar” tartibga kelmoqda. Natijada bu yerlar iqtisodiy jihatdan samarador bo‘la boshladi. Masalan, Bekoboddagi loyihaning o‘zida 27 ta yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ekti tashkil etilib, mahalliy byudjetga yillik 1 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha tushum kafolatlandi. O‘rta Chirchiqdagi loyihada ham savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ko‘paytirilmoqda. Masalaning eng muhim jihatlaridan yana biri hududda jinoyatchilik va xavf-xatarlar kamayadi, obodlik va tartib qaror topadi.

Bu loyihalarning natijasini oddiy xalq yaxshi his qiladi. Aholi uyining yonginasida toza, xavfsiz, yashil va zamonaviy dam olish maskaniga ega bo‘lmoqda. Ota-onalar farzandlarining xavfsizligidan xavotir olmay sayr qiladi. Nuroniylar va yoshlar salomatlik uchun vorkaut va piyodalar yo‘laklaridan foydalanishadi. Eng muhimi, Bekoboddagi loyiha orqali 167 ta, O‘rta Chirchiqdagi keyingi bosqich hisobidan 150 ta oila vakillari mahallasining o‘zida doimiy, daromadli ish o‘rinlariga ega bo‘lmoqda.
Bugun mamlakatimiz bo‘ylab ana shunday yangilanish va bunyodkorlik nafasini tuyasiz. Obod maskanlar ko‘payayotgani, inson qadri ulug‘lanib, eng chekka mahallalarga ham zamonaviy qulayliklar kirib borayotgani quvonarli. Bularning barchasi Mustaqilligimiz sharofatidir. Eng ulug‘, eng aziz ayyom arafasida ana shunday loyihalarning foydalanishga topshirilayotgani elimizga bayramona kayfiyat bag‘ishlamoqda. Inson uchun, uning bebaho baxti va farovonligi uchun xizmat qilayotgan bunday ezgu ishlar bardavom bo‘lsin.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri