Buxoro turizmning yangi qiyofasini yaratmoqda
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatimizning qadimiy shaharlari, boy madaniy merosi va noyob tabiati negizida zamonaviy turizm infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Buxoro viloyati nafaqat tarixiy obidalari, balki turizmning mutlaqo yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish borasida ham yetakchi hududlardan biriga aylanmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Turizm qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi hamda viloyat hokimligining mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan istiqbolli turizm loyihalari va infratuzilma ob’ektlari o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida Buxoroning turistik jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladigan bir qator muhim tashabbuslar ko‘zdan kechirildi. Jumladan, “Usta Davron” miniatyura markazi faoliyati alohida e’tirof etildi. Markazda milliy hunarmandchilik an’analari, miniatyura san’ati va inklyuziv ta’lim yo‘nalishlari uyg‘unlashgan bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar mahalliy va xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otishi ta’kidlandi.

Buxoroda turizmning mutlaqo yangi turi — enoturizmni rivojlantirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli rejalar ishlab chiqilmoqda. “Buxoro–agro star” korxonasi tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan zamonaviy enoturizm markazi doirasida 200 o‘rinli milliy va yevropacha restoran, vinochilik muzeyi, sharbat ishlab chiqarish korxonasi, maxsus degustatsiya zonalari hamda agroturizm ob’ektlarini barpo etish loyihalari taqdim etildi. Mutasaddilar mazkur tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Bu kabi loyihalar Buxoroning turistik imkoniyatlarini yanada kengaytirib, sayyohlarga faqat tarixiy yodgorliklarni emas, balki mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, milliy taomlar va agrar hayot tarzi bilan ham yaqindan tanishish imkonini yaratadi.
Buxoro shahridagi foydalanilmayotgan 2 gektar maydonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan agroturizm majmuasi ham katta qiziqish uyg‘otdi. Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, milliy taomlar tayyorlash, mehmon uylari tashkil etish, ot va tuyada sayr qilish hamda turistlarga mevalarni bevosita daraxtdan uzib tatib ko‘rish imkoniyatlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Ishchi guruh tomonidan Buxoro tumanida joylashgan muqaddas ziyoratgoh — Chor Bakr majmuasi atrofidagi infratuzilmani yanada takomillashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash va ziyoratchilar uchun zamonaviy qulayliklar yaratish masalalari ham muhokama qilindi.

Turizm sohasidagi eng yirik istiqbolli loyihalardan biri esa To‘dako‘l suv ombori hududida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan sohil bo‘yi turistik maskanidir. Mazkur hudud uchun Fransiyaning nufuzli “Wilmotte & Associés SAS d’Architecture” kompaniyasi tomonidan xalqaro talablarga javob beradigan master-reja ishlab chiqilishi belgilangan. Bu loyiha amalga oshirilsa, To‘dako‘l nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyodagi eng jozibador dam olish maskanlaridan biriga aylanishi mumkin.
Shuningdek, madaniy turizmni rivojlantirish maqsadida restavratsiya va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan Sadriddin Ayniy teatri ham o‘rganildi. Teatrning qayta tiklanishi Buxoroning madaniy hayotini yanada boyitishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bugungi kunda Buxoro nafaqat ming yillik tarix va betakror me’moriy obidalar shahri sifatida, balki enoturizm, agroturizm, ekologik turizm, ziyorat turizmi va sohil bo‘yi turizmi kabi zamonaviy yo‘nalishlarni jadal rivojlantirayotgan hudud sifatida ham shakllanmoqda.
Eng muhimi, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu loyihalar yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, hudud iqtisodiyotini mustahkamlash va Buxoroning xalqaro turistik nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Yaqin kelajakda Buxoro nafaqat o‘zining tarixiy merosi, balki zamonaviy va rang-barang turistik imkoniyatlari bilan ham dunyo sayyohlarini hayratga soladigan manzilga aylanishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri