Turizm: yurtimizga besh oyda besh milliondan ko‘p xorijiy sayyoh tashrif buyurdi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi nufuzi tobora ortib bormoqda.
Mamlakatda sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, vizasiz rejim kengaytirilishi, transport va mehmonxona infratuzilmasining rivojlanishi hamda boy tarixiy-madaniy merosning keng targ‘ib etilishi xorijiy mehmonlar oqimining sezilarli o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-may oylarida jami 5 million 351 ming 868 nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Ushbu davrda mamlakatga dunyoning 203 ta davlatidan sayyohlar kelgani qayd etildi.
Tashrif buyurgan turistlarning 2 million 974 ming 327 nafari erkaklar, 2 million 377 ming 541 nafari ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yosh toifalari bo‘yicha tahlil qilinganda esa eng katta ulushni mehnatga layoqatli va faol sayohat qiluvchi aholi qatlami tashkil etgan.
Tahlillarga ko‘ra, 31-55 yosh toifasidagi sayyohlarning yuqori ulushi O‘zbekistonga nafaqat madaniy va ziyorat turizmi, balki biznes, xizmat safarlari va oilaviy sayohatlar maqsadida keluvchilar soni ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Yurtimizga 203 davlatdan turistlar tashrif buyurgani O‘zbekistonning xalqaro turizm xaritasidagi o‘rni mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Bu esa kelgusida turizm sohasining iqtisodiyotdagi ulushini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar eksportini kengaytirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA