Barqaror turizm bo‘yicha treninglar yakunlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida DMO Karakalpakstan jamoat birlashmasi tomonidan Yevropa Ittifoqi, Konrad Adenauer jamg‘armasi va “Yuksalish” umummilliy harakati moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Youth and Women as Ambassadors of Sustainable Tourism in Karakalpakstan” loyihasi doirasida bir qator seminar-treninglar yakunlandi.
Iyun oyi davomida Mo‘ynoq va Xo‘jayli tumanlari hamda Nukus shahrida barqaror turizm hamda mahalliy tashabbuslarni rivojlantirishga qiziquvchi faol yoshlar va ayollarni birlashtirgan ta’lim tadbirlari o‘tkazildi.
Uch kunlik treninglar dasturi barqaror turizm va mahalliy turizm tashabbuslarini rivojlantirish, ekologiya va iqlim o‘zgarishi, ekologik mas’uliyatli turizm, shuningdek, yetakchilik, mahalliy tashabbuslarni targ‘ib mavzularini o‘z ichiga oldi. Trening nazariy mashg‘ulotlarni amaliy ishlar bilan uyg‘unlashtirib, ishtirokchilarga loyihaviy fikrlash, muloqot va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam berdi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, Mo‘ynoq tumani yoshlari va xotin-qizlarining faol ishtiroki barchani ruhlantirdi. Kundalik tashvishlar va bandlikka qaramay, ko‘plab ishtirokchilar mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubormaslik uchun har kuni 25 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishdi. Dasturga bo‘lgan yuqori qiziqish ishtirokchilar sonini rejalashtirilgan 10 nafardan 12 nafargacha kengaytirish imkonini berdi.
Uch bosqichning har biri o‘z muhiti va ishtirokchilarning faolligi bilan ajralib turdi. Mo‘ynoqda ishtirokchilar yuqori qiziqish va tashabbuskorlik ko‘rsatdilar, Xo‘jayli tumanida o‘z g‘oyalari va mahalliy loyihalari ustida faol ishladilar. Nukusda esa murabbiylar bilan birgalikda barqaror turizmni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar va tashabbuslarni amalga oshirishning yangi yondashuvlarini ko‘rib chiqdilar.
Yakuniy tadbirda ishtirokchilarga dasturdan muvaffaqiyatli o‘tganliklari to‘g‘risida sertifikatlar topshirildi. DMO Karakalpakstan jamoat birlashmasi direktori M.Kosnazarov ishtirokchilarni o‘qishni yakunlaganliklari bilan qutlab, olingan bilimlarni kelgusida amaliyotda qo‘llash muhimligini ta’kidladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari