Ellikqal’aning zamonaviy dam olish maskanlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Tumanda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va tadbirkorlik loyihalari yangi ish o‘rinlari, yangi imkoniyatlar va yangi taraqqiyot sari muhim qadam bo‘lmoqda. Tadbir davomida ishtirokchilar tumanda aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, Aqchako‘l bo‘yida barpo etilgan zamonaviy dam olish maskani, “Ellikqal’a” kanali bo‘yidagi yangi sohilbo‘yi loyihasi ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-dekabrdagi “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida mamlakatimizda yangi tizim va yondashuv — “Zarbdor tajribasi” asosida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hamda aholi bandligini oshirishga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur vazifalar doirasida tumanda ham mavjud imkoniyat va zaxiralarni aniqlash, ularni samarali ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan qator loyihalar ishga tushirilmoqda.

Jumladan, birinchi bosqichda “Aqchako‘l” bo‘yini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan master-reja doirasida hududda zamonaviy turistik-rekreatsion zona barpo etildi. Loyiha asosida sohil bo‘yi hududini zarur infratuzilma bilan ta’minlash, obodonlashtirish hamda uni zamonaviy dam olish maskaniga aylantirish ishlari uchun respublika byudjetidan 8,4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Qurilish ishlari “Bo‘ston obod maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bajarilib, ob’ekt to‘liq yakunlanib foydalanishga topshirildi.
Mazkur hududda mehmonxonalar, mehmon uylari, o‘tov uylar, restoranlar, savdo shoxobchalari hamda turli ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga olgan 50 ga yaqin turizm va sohil bo‘yi xizmat ob’ektini tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha ishga tushirilishi natijasida 75 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 20,3 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatiladi hamda byudjetga qo‘shimcha 1,1 milliard so‘m soliq tushumi ta’minlanadi. Eng muhimi, loyiha to‘liq faoliyat boshlagach, maskanga kuniga 1–1,5 ming nafar, dam olish kunlari esa 2 ming nafardan ortiq mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Mazkur loyiha tumanda turizmni rivojlantirish, hudud iqtisodiy salohiyatini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi

Yuqorida qayd etilgan farmon asosida hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi bandligi va daromadlarini ko‘paytirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur vazifalar ijrosi doirasida tumanda loyiha qiymati 4,2 milliard so‘m bo‘lgan “Ellikqal’a” kanalining 2,2 kilometrlik qismida sohilbo‘yi xizmatlarini tashkil etish loyihasi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Loyiha doirasida zamonaviy infratuzilma yaratilib, 3 kilometr piyodalar yo‘lakchasi barpo etildi, 200 dona dekorativ yoritish chirog‘i o‘rnatildi, 5,3 kilometr temir panjara tortildi hamda 3 ta piyodalar ko‘prigi qurildi. Natijada tuman markazida aholining dam olishi, sayr qilishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun qulay maskan yaratildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu loyiha nafaqat hududning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi, balki xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Loyihaning to‘liq ishga tushirilishi natijasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratilishi va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida qo‘shimcha daromad manbalari shakllanishi kutilmoqda.
Yangi sohilbo‘yi hududi aholining sevimli maskanlaridan biriga aylanib, tuman taraqqiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shadi. Har bir loyiha hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining turmush farovonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Press-tur yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida tumanda bandlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javob olishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari