Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir o‘tkazildi
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti akademik litseyida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, xususan tan jarohati yetkazish va bezorilik, giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalar noqonuniy muomalasi, shuningdek, ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib qolish holatlarining oldini olishga bag‘ishlangan profilaktik tadbir tashkil etildi.
Tadbir Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura tinglovchilari — podpolkovnik F.Ahmedov va podpolkovnik A.Rahmatillayevlar ishtirokida o‘tkazildi. Unda pedagoglar, o‘quvchilar hamda magistratura tinglovchilari qatnashib, yoshlar orasida uchrayotgan huquqbuzarliklarning sabablari, ularning oqibatlari va oldini olish mexanizmlari yuzasidan atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlar mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib, ularning bilimli, ma’naviy yetuk va huquqiy ongli bo‘lib voyaga yetishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishda ta’lim va tarbiya hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Mutaxassislar tomonidan keltirilgan tahlillarga ko‘ra, ayrim huquqbuzarliklar, jumladan bezorilik, tan jarohati yetkazish va giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘pincha yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etmaslik, huquqiy bilimning yetarli emasligi hamda noto‘g‘ri ijtimoiy muhit ta’siri natijasida yuzaga kelmoqda.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar statistikasi ham tahlil qilinib, bu borada profilaktik ishlarni kuchaytirish, ta’lim muassasalari, ota-onalar va tegishli tashkilotlar hamkorligini yanada mustahkamlash zarurligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan javobgarlik choralari, xususan tan jarohati yetkazish va bezorilik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun belgilangan jazolar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, zararli odatlar va turli buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Mazkur profilaktik tadbir yoshlar orasida huquqiy madaniyatni oshirish, ularni turli xavf-xatar va zararli ta’sirlardan himoya qilish hamda sog‘lom va ongli jamiyatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA