Volontyor va ko‘ngilli qutqaruvchilarni “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlariga jalb etish tartibi belgilandi
2026-yil 17-apreldagi 181-son Hukumat qarori bilan “Volontyorlar va ko‘ngilli qutqaruvchilarni “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlariga jalb etish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, jamoatchilik guruhlariga faqat 18 yoshdan katta bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari jalb etiladi.
Bunda a’zo bo‘lish istagidagi shaxslar Volontyorlar elektron platformasi (volontyor.uz) orqali hisobga qo‘yilgandan so‘ng hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalariga (bosh boshqarmalariga) ariza bilan murojaat qiladi.
Jamoatchilik guruhlarining a’zolariga quyidagi imtiyozlar taqdim etiladi:
– Favqulodda vaziyatlar vaziri tavsiyanomasiga asosan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining bakalavriat yo‘nalishiga o‘qishga kirishda o‘zlari to‘plagan ballarning 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball berish;
– ko‘ngilli qutqaruvchilarga “mahalla yettiligi” tavsiyanomasiga asosan hududiy qutqaruv tuzilmalarida qutqaruvchi lavozimiga ishga qabul qilish bo‘yicha tanlovda belgilangan tartibda ustuvorlik berish.
Akademiyaga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball berish uchun tavsiyanoma Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etiladigan tanlovda g‘olib bo‘lgan volontyorlarga beriladi.
Tanlov 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan volontyorlar ishtirokida o‘tkaziladi.
Volontyorlarning faoliyati tuman (shahar), viloyat va respublika darajasida quyidagi mezonlar asosida to‘plangan ballar orqali baholanadi:
– “mahallabay” tamoyili asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari;
– favqulodda vaziyatlarda qidiruv-qutqaruv ishlaridagi ishtiroki;
– favqulodda vaziyatlar zonasida aholiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va evakuatsiya tadbirlaridagi ishtiroki va boshqalar.
Baholash natijalariga ko‘ra har bir hududdan 1 nafardan jami 14 nafar volontyorga tavsiyanoma beriladi.
Tavsiyanoma 1 o‘quv yili uchun amal qiladi.
O‘zA