Navoiyda mehnat xavfsizligi va sog‘lom ish muhiti masalalari muhokama qilindi
FOTOREPORTAJ
Navoiy shahrida mehnat xavfsizligi va sog‘lom ish muhitini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi mutasaddilari, «O‘zkimyosanoat» AJ tizimidagi tarmoq korxonalarining mehnat muhofazasi bo‘yicha mas’ul xodimlari hamda kasaba uyushma qo‘mitalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda sanoat korxonalarida mehnatni muhofaza qilishga qaratilayotgan e’tibor, baxtsiz hodisalarning oldini olish samaradorligi va xodimlar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan ishlab chiqarish jarayonlarida xavfsizlik qoidalariga rioya etish, zamonaviy himoya vositalaridan samarali foydalanish hamda psixologik-ijtimoiy muhitni yaxshilashga doir tavsiyalar berildi.
[gallery-28831]
Shuningdek, ish joylarida stress holatlarini kamaytirish, xodimlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash, rahbar va xodimlar orasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar mehnat muhofazasi sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA