“Jasorat maktabi” yig‘inida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi
FOTOREPORTAJ
Termiz garnizonida tashkil etilgan “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘iniga Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i polkovnik Po‘latjon Sotivoldiyev tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonlar yig‘in ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv jarayonlari va yoshlarning mashg‘ulotlardagi faolligini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, harbiy tarbiyani kuchaytirish, yoshlarning jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng garnizon madaniyat markazida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Samimiy muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va muammolarini bevosita bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Viloyat hokimi barcha murojaatlarni tinglab, ularni o‘rganish va ijobiy hal etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga aniq topshiriqlar berdi.
[gallery-28832]
Uchrashuv yakunida yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA