Yer — bebaho xazina: qishloq xo‘jaligida yer islohotlari
Yer – azal-azaldan insoniyatni boqqan, uni rizq-ro‘z bilan ta’minlagan bebaho xazina. Bugungi kunda ushbu aziz ne’matdan oqilona foydalanish, uning har bir qarichini ilm va texnologiya bilan tillashtirish sohadagi islohotlarning bosh mezoniga aylandi.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ushbu ezgu maqsad yo‘lidagi muhim huquqiy poydevor bo‘lib, yer islohotlarini yangi, shaffof bosqichga olib chiqmoqda.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-maydan boshlab respublikamizning barcha hududlarida qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishning mutlaqo yangi va soddalashtirilgan tizimi joriy etilmoqda.
Endilikda yer uchastkalarini ajratish faqat ochiq va shaffof auksion savdolari orqali amalga oshiriladi. Bunda 50 gektardan 500 gektargacha bo‘lgan maydonlar sanoat usulidagi plantatsiyalar tashkil etish va chorvachilikni rivojlantirish uchun maxsus ajratiladi.
Tizimning afzalligi shundaki, auksionlarda boshlang‘ich narx yerning normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanib, savdolar natijasiga ko‘ra narxning bosqichma-bosqich pasaytirilishi tadbirkorlar uchun katta iqtisodiy imkoniyatdir. Ayniqsa, yaylov va lalmi yerlar uchun boshlang‘ich narxning normativ qiymatga nisbatan atigi 1 foiz qilib belgilanishi foydalanishdan chiqib ketgan maydonlarni qayta muomalaga kiritishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yerdan foydalanuvchilarning huquqiy himoyasi va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Paxta va g‘allachilik yo‘nalishidagi sub’ektlar yer maydonining yarmidan ixtiyoriy voz kechgan taqdirda, qolgan qismi uchun ijara huquqi 49 yil muddatga qayta rasmiylashtiriladi. Bu dehqon va fermerlarga o‘z faoliyatini uzoq istiqbolga mo‘ljallab rejalashtirish, yerga investitsiya kiritish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.
Yirik investorlar uchun esa qiymati 10 million dollardan kam bo‘lmagan loyihalar doirasida yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish tartibi joriy etilmoqda. Bu sohaga katta hajmdagi xorijiy va mahalliy kapitalni jalb qilishda muhim omil bo‘ladi.
Islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi ishlab chiqarishga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishdir. Xususan, 2027-yildan boshlab sholi yetishtirishda eskirgan an’anaviy usullardan voz kechilib, faqat lazerli tekislangan maydonlarda ko‘chat usulida ekish tizimiga o‘tiladi. Bu nafaqat suv resurslarini tejash, balki hosildorlikni bir necha barobarga oshirish imkonini beradi.
Ushbu yangi tizim qishloq xo‘jaligida yerni haqiqiy bozor aktiviga aylantirish, sohada erkin raqobat va shaffoflikni ta’minlash orqali mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Yerdan oqilona foydalanish esa yurtimiz dasturxonining yanada to‘kin, rizqimizning butun bo‘lishiga zamin yaratadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA