G‘urbatda kechgan yigirma yil
Ko‘plab ma’rifatparvar, erksevar yurtdoshlarimiz qatori Rahim Shokirbekov ham sobiq tuzumning qatag‘onu sitamlaridan aziyat chekkan insonlardan biri edi. U dastlab 1930-yilning yakunlarida NKVD tomonidan “Narkompross ishi” bo‘yicha hibsga olingan, so‘ngra 1941-yilda yana shunday kun uning boshiga tushgan edi.
Ikkinchi marta hibsga olinayotganda o‘zini unchalik yo‘qotmadi va avvalo xotini Irina Stanislavovnani tinchlantirishga urindi: “Endi mendan ham ko‘ra senga qiyin bo‘ladi. O‘zingni mahkam tut, bolalarning, onamning tayanchi yolg‘iz o‘zing bo‘lib qolyapsan”.
Bu gaplarni menga keyinchalik onasidan eshitgan, otasi Rahim Shokirbekov 1941-yil 2-yanvarda hibsga olingan paytda hali bir yoshga ham to‘lmagan qizi Elianora Shokirbekova aytib bergan edi.
Elianora Rahimovna yoshi saksondan oshganligiga qaramay bizning muzeyimizga tez-tez kelib turar, otasiga aloqador anchagina hujjat va suratlarni muzey fondiga topshirgandi. Elianora opa 2024-yil mart oyida, 84 yoshida vafot etdi.
O‘zbekiston SSR NKVDsi davlat xavfsizlik boshqarmasi 2-bo‘limi 1-bo‘linmasining katta tezkor vakili Bardasning R.Shokirbekovni jinoiy javobgarlikka tortish haqida chiqargan qaroridan: “1930-yilda R.Shokirbekov OGPUning O‘rta Osiyodagi muxtor vakili tomonidan O‘zSSR Maorif xalq komissarligida mavjud bo‘lgan aksilinqilobiy-millatchilik tashkilotining faol ishtirokchisi sifatida hibsga olingan va 1933-yilda OGPU kollegiyasi tomonidan 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan”.
Qamoq muddatini 1935-yilda o‘tab bo‘lib, uyga qaytgan.
Rahim Shokirbekov shaxsiga NKVD tomonidan bunchalik alohida e’tibor qaratilishining sababi nimada edi? Nega uni 1930-1935-yillarda “Narkompros ishi” bo‘yicha 5 yil qamoqqa tiqqanlariga qaramay 1941-yil 2-yanvarda yana hibsga olishdi? Buning sababini uning tarjimai holidan izlash kerak, degan fikrdaman.
Rahim Shokirbekov 1901-yilda (ba’zi hujjatlarda 1899-yil deb ko‘rsatilgan) Toshkent shahrida o‘ziga to‘q oilada tavallud topdi. Otasi Shokirbek Ahmadbekovning Toshkent va Qo‘qon shaharlarida savdo do‘konlari bo‘lgan. Rahim sakkiz yoshga to‘lganda otasi oilasidan ajrashib, Qo‘qon shahriga ko‘chib ketdi. U onasining qaramog‘ida qoladi. Toshkentdagi maktablarda o‘qib, savod chiqardi. Lekin otasi 1913-yilda haj safariga otlanib, o‘g‘li Rahimni ham o‘zi bilan olib ketadi. O‘sha paytlari hajga boruvchilar Turkiyaga borib, sultonning roziligini olishi kerak bo‘lgan. Otasi uni Istambuldagi “Istambul-Sultoniya” kollejiga o‘qishga joylashtirib, o‘zi Sidiqmat hoji bilan Makka hamda Madinaga yo‘l oladi. Yosh Rahim ushbu kollejda to‘rt yil tahsil oldi. Kollejda turk, fransuz, fors tillarini o‘zlashtirdi. Lekin 1917-yilda otasi Qo‘qonda vafot etgach, doimo olib turgan puldan mahrum bo‘lib, moddiy ahvoli og‘irlashadi.
Shundan so‘ng, 1918-yil o‘rtalarigacha Istambuldagi bir do‘kondorga yordamchi bo‘lib ishlaydi. Vatanida bo‘layotgan voqealarni eshitib, O‘zbekistonga qaytish niyatiga tushadi. Avval Turkiyada yashayotgan kavkazliklar bilan Ozarbayjonning Ganja shahriga keladi. Mablag‘ topish uchun bir maktabda o‘qituvchilik qiladi.
1919-yilning yozida Boku shahriga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda u Turkiyadan kelgan odamlar bilan tanishib, ular tashkil qilgan “Himmat” partiyasiga kiradi. Bu partiya chop etayotgan “Ishchi va dehqon” gazetasi faollaridan biriga aylanadi. 1920-yil boshida “Himmat” partiyasi namoyandalaridan biri Husayin Hilmiy bilan Toshkentga yetib keladi. Bu partiya o‘zini ishchi-dehqonlar manfaatlarini himoya etuvchi, deb e’lon qilgani uchun kommunistik partiyaga yaqin edi. O‘sha paytlar Moskvaning ko‘rsatmasi bilan Toshkentda “Sharqda baynalminal targ‘ibot” bo‘limi ochiladi. Bo‘limni Turkiyada ham inqilobni amalga oshirish niyatida yurganlardan Mustafo Subhiy ismli shaxs boshqarardi. Rahim Shokirbekov ushbu partiya ijroiya byurosi va “Novыy mir” gazetasi tahrir hay’ati a’zosi etib tayinlanadi. Bu yerda u bir yil ishlaydi.
1921-yilda uni Qo‘qonga, militsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasiga yo‘llashadi. Shuningdek, Andijonda ham ayrim vazifalarni bajaradi. 1922-yilda Qo‘qon yer-suv bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, rayon partiya qo‘mitasi mas’ul xodimi vazifalarida ishlaydi. Keyinchalik Farg‘ona viloyati yer-suv bo‘limida va Qo‘shchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari lavozimida mehnat qiladi.
1923-yilda uni Toshkentga chaqirib olishadi. Toshkentning Eski shahar tumani yer tuzish, xalq maorifi bo‘limlarida boshliq o‘rinbosari, boshliq vazifalarida ishlaydi. 1924-1925-yillarda Kommunistik partiyaning Eski shahar tumani qo‘mitasida bo‘lim mudiri o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i edi.
1941-yil 18-fevralda O‘zSSR NKVDsining davlat xavfsizlik boshqarmasi katta tezkor vakili Bardas olib borgan so‘roq dalolatnomasidan:
- Shundan keyingi yillarda qayerlarda ishladingiz?
- 1925-1926-yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasida matbuot bo‘limi yo‘riqchisi, shu bilan bir vaqtda Samarqandda chop etilayotgan “Zarafshon” gazetasining mas’ul muharriri vazifalarida xizmat qildim. 1927-yilda Karmanaga, Zarafshon okrug maorif bo‘limi mudiri vazifasiga tayinlandim. U yerda 1928-yilning so‘nggi kunlarigacha mehnat qildim. O‘sha paytlari bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Kompartiyasi Kattaqo‘rg‘on tumani qo‘mitasi kotibi ham edim. 1929-yildan meni Zarafshon okrug partiya qo‘mitasi madaniyat va targ‘ibot bo‘limi mudiri etib belgilashdi. 1930-yil boshidan Samarqandda Maorif xalq komissarligida hisob-taqsimlash bo‘limida, ma’muriy-xo‘jalik bo‘limida boshliq, oxirgi paytlar esa Maorif xalq komissari vazifasini vaqtincha bajardim. 1930-yilning yakunlarida NKVD tomonidan “Narkompross ishi” bo‘yicha hibsga olinganimda O‘zbekiston Kompartiyasi Bekobod tumani qo‘mitasining kotibi bo‘lib ishlayotgandim.
- 1930-yilda Maorif xalq komissarligida mavjud bo‘lgan aksilinqilobiy-millatchilar guruhi yig‘ilishlarida ishtirok etganmisiz?
- Maorif xalq komissarligida qandaydir “aksilinqilobiy-millatchilar guruhi” bo‘lganligidan xabarim yo‘q. Ha, biz ba’zida Maorif xalq komissarligida ishlaydigan kishilar uyida tashkil qilingan mehmondorchiliklarda birgalashib ishtirok etib, suhbatlashardik. Odatda bunday o‘tirishlar yakshanba kunlari bo‘lardi. Masalan, Maorif xalq komissarligi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Sobir Qodirov tashkil qilgan mehmondorchilikda men ham ishtirok etganman. Unda Usmon Salimiy, Zohidov oilalari bilan, Botu va boshqalar bor edi. Biz musiqa tinglab, adabiyot haqida, shoir va yozuvchilarning yangi kitoblari to‘g‘risida suhbatlashardik.
- Birinchi marta hibsga olinganingizda jazo muddatini qayerlarda o‘tagansiz?
- Sudgacha NKVDning Toshkentdagi qamoqxonasida, keyin Moskvadagi Butirka hibsxonasida. Hukm e’lon qilingach, Novosibirsk lagerlariga yuborishdi. O‘sha yerdan 1935-yilda ozodlikka chiqdim.
- Siz O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 67- va 68-moddalari bilan ayblanyapsiz. O‘zingizni aybdor deb tan olasizmi?
- Yo‘q, tan olmayman.
Bunday so‘roqlar 1941-yilning yanvar oyidan sentabrning o‘rtalarigacha davom etdi. Bu orada bir nechta tergovchi almashdi. Lekin Rahim Shokirbekov o‘ziga qo‘yilgan birorta aybni tan olmaydi.
Davlat xavfsizlik qo‘mitasi arxivida saqlanayotgan unga oid hujjatlardan ko‘rinib turibdiki, R.Shokirbekov 1935-yilda Novosibirsk lagerlaridan qaytgandan keyin ham muntazam ravishda NKVD nazoratida bo‘lgan. U avval asalarichilarni tayyorlash kurslarining, keyin Samarqanddagi kolxoz rahbarlarini o‘qitish maktabining mudiri qilib tayinlangan. Lekin “xalq dushmani” sifatida qamalgan, degan ayb bilan tez orada bu vazifalardan chetlashtiriladi. Shundan keyin Samarqanddagi 4-bolalar uyida xo‘jalik ishlari mudiri bo‘lib o‘rnashib, ikkinchi marta NKVD tomonidan hibsga olinguncha shu yerda mehnat qildi.
“Ivanova” laqabli NKVD xufyasi bo‘lgan ayol bergan ma’lumotdan: “Shokirbekovning xotini Yaurovaning aytishicha, u besh tilni bilgan – o‘zbek, rus, turk, fransuz va tojik tillarida bemalol yozib, gaplashgan. Samarqanddagi 8-bolalar uyi direktori Leenko, pedagogika bilim yurti xo‘jalik ishlari mudiri Ahtam Shokirov, Toshkentdagi bolalar uyi direktori Knishev, Samarqanddagi 4-bolalar uyi direktori Dunin bilan yaqin bo‘lgan”.
Sakkiz oy davom etgan so‘roqlar, bu davrda boshidan kechirgan jismoniy va ruhiy azoblar ham uning irodasini sindirolmadi. O‘ziga qo‘yilgan birorta aybni tan olmadi. Lekin shunday bo‘lsa-da, SSSR NKVDsi huzuridagi Alohida kengash 1941-yil 16-sentabrda “Rahim Shokirbekov sovetlarga qarshi tashkilot faoliyatidagi ishtiroki uchun 8 yilga mehnat-tuzatish lageriga qamoqqa yuborilsin”, degan qaror chiqardi.
Shundan so‘ng uning Qozog‘iston hududidagi turli qamoqxonalarda sargardonlik kunlari boshlandi. R.Shokirbekov u yerlarda ham halol mehnat qildi. Buni 1947-yil 20-iyulda 21-mehnat-tuzatish koloniyasi boshlig‘i Kurovning yuqori organlar uchun unga berilgan tasnifnomasi ham ko‘rsatib turibdi: “Mahbus Rahim Shokirbekov Aktyubinsk kombinatidagi lagerga 1942-yil 5-avgustda keltirildi. Lagerda bo‘lgan davri davomida o‘zini yaxshi ishchi sifatida ko‘rsatdi. Yuqori ko‘rsatkichlari tufayli lager ma’muriyati tomonidan bir necha marta rag‘batlantirildi.
1946-yil 20-apreldan hozirgi paytgacha u Aralsk shahridagi 21-mehnat-tuzatish koloniyasida saqlanmoqda. Bu yerda ham halol va vijdonan mehnat qildi. Shu davr ichida lager tartiblarini buzganligi uchun tanbeh yoki jazo olmagan”.
1947-yil 15-iyulda R.Shokirbekov SSSR Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Alohida kengash nomiga “1930-yildagi ish bo‘yicha ikkinchi marta nohaq qamalganligini” aytib shikoyat xati yozadi. Lekin Alohida kengash uning shikoyatini asossiz, deb topadi va rad javobini beradi.
Nihoyat, 1948-yil keldi. Bu uning qamoqdagi oxirgi yili bo‘lishi kerak edi. Chunki 1949-yil yanvar oyining boshlarida jazo muddati tugardi. Ammo sovet tuzumining o‘ziga nisbatan dushmanlikda ayblangan kishilarni ozodlikka chiqarish niyati yo‘q edi. SSSR Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik vazirligi, SSSR Prokuraturasi Markaziy Komissiyasining 1948-yil 10-iyunda o‘tkazilgan majlisi bayonnomasidan ko‘chirma: “1941-yil 15-sentabrda SSSR NKVDsi huzuridagi Alohida kengash tomonidan sovetlarga qarshi tashkilot faoliyatidagi ishtiroki sababli 8 yilga qamalgan Rahim Shokirbekov xavfli davlat jinoyatchisi sifatida Ichki ishlar vazirligining alohida lagerida saqlash uchun o‘tkazilsin”.
Shundan keyin uni Qarag‘anda viloyatining “Jezqazg‘an-Rudnik” qo‘rg‘onidagi qamoqxonaga yuborishdi. 1949-yil 2-fevralda Davlat xavfsizlik vazirligi Qarag‘anda viloyati boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Xamidullin Moskvadan quyidagi ko‘rsatmani oldi: “Rahim Shokirbekov qamoq muddati tugashi bilan surgunda saqlash uchun Qarag‘anda shahriga, Davlat xavfsizlik boshqarmasi ixtiyoriga yuborilsin”.
Uni muddatsiz surgunni o‘tashga Qarag‘anda viloyati Nurin tumanining Morozovka qishlog‘iga jo‘natishdi.
Kichik qizi Elianora Rahimovna Shokirbekova xotiralaridan:
- Men otamni birinchi marta 14 yoshimda ko‘rganman. Biz opam Svetlana bilan faqat uning albomda saqlangan suratlarini ko‘rib o‘sdik. Onam, otamning onasi Toji buvim bizga u kishi haqida ko‘p so‘zlab berishardi. Faqat Stalin vafotidan keyin surgundagilarning oila a’zolariga ulardan xabar olish, uchrashishga ruxsat berildi. 1954-yil mart oylarida onam meni olib, Qarag‘andaga jo‘nadi.. Opamni ham olib borishga balki puli yetmagandir... Qarag‘andaga poyezdda, keyin Nurin tumani markaziga ot-aravada, Morozovka qishlog‘iga esa bir rus boboyning ot qo‘shilgan chanasini yollab, 60-70 kilometr yo‘l bosib borganmiz. Otam bizni qishloqqa kiraverishdagi tanishining uyida kutib o‘tirgan ekan. Uch kun birga bo‘lganmiz. Qamoq azoblari, og‘ir mehnat tufayli jussasi kichrayib, bo‘yi men tengi bo‘lib qolgandi. Suhbatlarimizda “Endi katta o‘zgarishlar bo‘lishi kerak. Men va menga o‘xshaganlarning ozod bo‘lishiga ko‘p qolmadi”, deb takrorlardilar.
Faqat bu o‘zgarishlarni, ozodlik onlarini u yana ikki yil kutishga majbur bo‘ldi. 1956-yil fevral oyida Moskvadan kelgan xatni olgandan keyingina o‘n besh yilga cho‘zilgan bu g‘urbatlar ortda qolganiga ishondi.
Shu tariqa jami 20 yil umrini qamoqxona va surgunlarda o‘tkazgan Rahim Shokirbekov 55 (ba’zi hujjatlarda 57) yoshida oilasi bag‘riga qaytdi. Sovet hukumati esa unga oxirgi ish joyidagi maoshidan ikki oyligini to‘lab berishga qodir bo‘ldi, xolos. Lekin g‘urbatda o‘tgan, nohaqlikdan, OGPU, NKVD deb atalgan mash’um tashkilotlar tomonidan to‘qilgan asossiz ayblar tufayli aziz umrining bir qismini xorlikda kechirishga majbur bo‘lgan insonning ichki iztiroblarini qaysi mezon, qancha pul bilan o‘lchash mumkin?
Rahim Shokirbekov o‘zi bosh bo‘lib tashkil etgan urush va mehnat faxriylari Samarqand shahar kengashini 1962-yildan 1984-yilgacha, vafotiga qadar boshqardi. Shu sababli turli tadbirlarda u kishi bilan ko‘rishib turardik. Kamtarin, katta-yu kichikka hamisha mehribon, ko‘ngli toza insonning xotirasini katta yoshdagi samarqandliklar hamon eslab yuradi.
Muzaffar Muqimov,
Samarqand davlat universiteti tuzilmasidagi
qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.
O‘zA