Bir kunda 11 ta ta’lim muassasasiga tashrif
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar har bir hudud, har bir ta’lim muassasasi faoliyatida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Xususan, joylarga chiqib ishlash, tizimdagi muammolarni joyida o‘rganish va yoshlar bilan bevosita muloqot qilish har bir rahbar oldiga qo‘yilayotgan ustuvor vazifalardan biridir.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova Konimex tumanida bo‘lib, “Payshanba – yoshlar kuni” doirasida 11 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda tarbiyalanuvchi va o‘quvchilari bilan uchrashdi.

Tashrif tumandagi 16-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchi-yoshlar bilan ochiq muloqotdan boshlandi. Shuningdek, boshqarma boshlig‘i 8-, 13-, 14-, 16-, 24-, 28-, 34-sonli maktablarda bo‘lib, bitiruvchi yoshlar bilan suhbatlashdi. Uchrashuvlarda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, oliy ta’limga kirishdagi islohotlar hamda xalqaro universitetlarda tahsil olish istiqbollari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Xususan, so‘nggi yillarda joriy etilgan tashabbuslar, jumladan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim dasturlar ularning kelajak rejalarini aniq belgilab olishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Shuningdek, fanlarni chuqur o‘zlashtirish, xorijiy tillarni bilish va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishning ahamiyati alohida qayd etildi.

Yoshlarning ma’naviy kamoloti ham islohotlarning ajralmas qismi sifatida qaralayotgani bois, uchrashuvlarda kitobxonlik madaniyatini oshirish, xususan, “TOP-100 kitob” loyihasi doirasida fikr almashildi. Bu esa o‘quvchilarda nafaqat bilim, balki ma’naviy yetuklikni ham shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Tashrif davomida maktabgacha ta’lim tizimi ham e’tibordan chetda qolmadi. 3-, 12-, 14-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yaratilgan sharoitlar, bolalarning sog‘lom ovqatlanishi, tarbiyaviy muhit va sanitariya holati o‘rganildi. Mas’ullarga ta’lim sifati va samaradorlikni oshirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.

Boshqarma boshlig‘i bir kunda qariyb 750 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Bu ta’limga bo‘lgan yuksak e’tibor, yoshlar kelajagiga qaratilgan amaliy g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir.
Bugungi islohotlar nafaqat qog‘ozda, balki ana shunday amaliy tashabbuslar orqali hayotga izchil tatbiq etilayotgani bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri