Yangi O‘zbekistonda bunyodkorlik an’analari
O‘zbekistonda bunyodkorlik an’analari asrlar osha rivojlanib, zamonaviy shaharsozlik va infratuzilma loyihalarida o‘z aksini topmoqda. Sohibqiron Amir Temur davrida ham shaharsozlik ancha rivojlangan – madaniy va diniy inshootlar, bog‘ va dam olish maskanlari barpo etilgan. Bu meros bugungi kunda ham tarixiy me’morchilik yo‘nalishi sifatida avlodlarga yetkazilmoqda.
Oradan asrlar o‘tib, 20 asrning ikkinchi yarmida bu an’analar yangi mazmun bilan boyidi. O‘sha davrda poytaxt va viloyatlarda sanoat va madaniy ob’ektlar qurilishi, yirik inshootlar — Toshkent teleminorasi, metro, Xalqlar do‘stligi saroyi — mamlakatning me’moriy rivojlanishiga asos bo‘ldi.
Keyinchalik yirik ma’muriy binolar, madaniy va sport inshootlari, yo‘llar va ko‘priklar qurilishi boshlandi. Avtomobil zavodi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, O‘zbekiston xalqaro forumlar saroyi va “Bunyodkor” stadioni foydalanishga topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” g‘oyalari mamlakatda bunyodkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. 2017-yildan buyon qurilish sohasida misli ko‘rilmagan sur’atda ishlar olib borilmoqda. Yangi turar joy massivlari, yirik majmualar, zamonaviy aeroportlar, ilm-fan va madaniy markazlar qurilishi mamlakat infratuzilmasini barqaror rivojlantirmoqda.
2025–2026-yillarda O‘zbekistonda qurilish va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar mamlakat infratuzilmasini zamonaviy standartlarga muvofiq rivojlantirishga qaratilgan. Joriy yilda respublika bo‘yicha 53 ta shahar va shaharchalarning bosh rejalari hamda 108 ta qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqildi. Shuningdek, 11 ta shaharning bosh rejasi va 22 ta turizm hududining master rejalari yakunlanmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda aholi turmush sifati, shahar hamda qishloq infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, shuningdek, sohaga raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
— 2025-yil qurilish sohasi uchun keng ko‘lamli islohotlar, aniq maqsadlar va sezilarli natijalar yili bo‘ldi. Asosiy e’tibor shaharsozlikni tizimli rivojlantirish, uy-joy qurilishini jadallashtirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash hamda sohaga raqamli yechimlarni keng joriy etishga qaratildi, — deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. —Joriy yilda 53 ta shahar va shaharchalar hamda 108 ta qishloq aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqildi. Shuningdek, 11 ta shahar bosh rejasi va 22 ta turizm hududining master-rejalari yakunlanish arafasida. Bu hujjatlar hududlarning uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlaydi. 2025-yil Davlat dasturi doirasida respublika bo‘yicha 135 ming xonadondan iborat uy-joylar qurilishi belgilandi. Xususan, 56 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 28 ming 219 ta xonadonli 543 ta uy barpo etilmoqda. Shu bilan birga, talab yuqori bo‘lgan hududlarda 106 ming 781 ta xonadondan iborat 2 ming 18 ta ko‘p qavatli uylarni qurib, foydalanishga topshirish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Sifat va xavfsizlik masalasi eng muhim yo‘nalishlardan biri. Shu bois, qurilish ob’ektlari loyihalari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Joriy yilda qariyb 26 mingta ob’ekt loyihasi ko‘rib chiqilib, natijada 9,7 trillion so‘m mablag‘ tejaldi. Bu nafaqat iqtisodiy samara, balki loyihalar sifatini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Qurilish sohasida elektron tender tizimini joriy etish orqali ochiqlik ta’minlanmoqda. “Shaffof qurilish” platformasi orqali 17 ming 759 ta ob’ekt bo‘yicha onlayn tenderlar o‘tkazilib, 823 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. Bu davlat mablag‘laridan samarali foydalanish imkonini berdi. Investitsiya dasturi doirasida joriy yilda 352 ta maktab, 165 ta bog‘cha va 2 ta ijod hamda ixtisoslashgan maktablarda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi.

Bu aholining ta’lim infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan muhim qadam. Qurilish sohasi iqtisodiyotning yirik ish beruvchilaridan biri hisoblanadi. 2025-yilda soha doirasida 168 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, loyiha va pudrat tashkilotlariga litsenziya va akkreditatsiya guvohnomalari berish orqali sog‘lom raqobat muhiti yaratilmoqda. Raqamlashtirish sohada tizimli boshqaruvni ta’minlaydi. Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimi, “Raqamli egizaklar”, “Shaffof qurilish”, “Ulush kiritish asosida uy-joy qurish 2.0” kabi platformalar qurilish jarayonlarini to‘liq nazorat qilish imkonini bermoqda.
Qayd etish joiz, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirlikning hududiy boshqarma va bo‘limlari tomonidan 6 turdagi davlat xizmatlari bo‘yicha jami 353 mingdan ortiq ob’ektga oid arizalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, texnik tartibga solish tizimini takomillashtirish maqsadida 160 ta texnik-normativ hujjatlar ishlab chiqildi.
Asosiy e’tibor aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, infratuzilmani yangilash va barqaror ishlashni ta’minlashga qaratildi. Bu borada ichimlik suvi, oqova suv, issiqlik ta’minoti hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlash yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Toza ichimlik suvi va barqaror oqova suv tizimi aholi salomatligi va hayot sifati uchun juda muhim. 2025-yilda davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida og‘ir sharoitdagi olis hududlarda 231 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi, 14 ta inshootda qurilish-montaj ishlari yakunlandi.
Umuman olganda, amalga oshirilgan ishlar hududlarni kompleks rivojlantirish va barqaror infratuzilmani shakllantirishga mustahkam zamin yaratmoqda.
Bosh rejalar Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimiga “raqamli egizaklar” shaklida joylashtirildi va unga 567 ta shaharsozlik hujjatlari yuklandi.

Joriy yil dasturi doirasida respublika bo‘yicha 135 ming xonadondan iborat uy-joylar qurilishi belgilangan. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 56 ta ob’ektda 28 ming 219 xonadon va 543 ta uy qurildi. Talab yuqori bo‘lgan hududlarda esa 106 ming 781 xonadondan iborat 2 ming 18 ta uy foydalanishga topshirilmoqda.
Qurilish sohasida texnik me’yorlash va standartlashtirish sohasida 160 ta normativ va 114 ta milliy standart ishlab chiqildi. Ular xalqaro va Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqligi tahlil qilindi.
“Shaffof qurilish” platformasi orqali qariyb 26 mingta ob’ekt loyihasi ekspertizadan o‘tkazildi va 9,7 trillion so‘m mablag‘ tejaldi. Onlayn tenderlar orqali 17 ming 759 ta ob’ektda 823 milliard so‘m iqtisod qilindi. Hozirda elektron platformaga 18,6 mingta qurilish-pudrat tashkilotlari va 2 mingta loyiha tashkilotlari kiritilgan.
Issiqlik ta’minotida 60 ta loyiha doirasida 142 km tarmoq va 62 ta isitish qozonlari o‘rnatildi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun yuzlab qozon va minglab kilometr tarmoqlarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar yagona shaxsiy hisob-varaq orqali amalga oshirilmoqda. “Mening hududim” platformasi orqali murojaat yuborish va nazorat qilish imkoni yaratildi. “Yashil makon” dasturi doirasida respublika bo‘yicha 234 ming daraxt va buta ko‘chatlari hamda 213 ming uzum ko‘chatlari ekildi. Bu aholi uchun qulay yashash muhiti va ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Temuriylar davridan to Yangi O‘zbekistongacha bunyodkorlik an’analari zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar bilan uyg‘unlashdi. Qurilish va shaharsozlikdagi amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat infratuzilmani modernizatsiya qiladi, balki aholi turmush tarzi sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi. Barcha jarayonlar shaffoflik, raqamlashtirish va samarali boshqaruv prinsiplari asosida olib borilmoqda, bu esa barqaror va zamonaviy O‘zbekistonni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA