Zo‘ravonlikka qarshi kurash: “Tenglik va hurmat” platformasi
Jamiyatda xotin-qizlarni himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash bugungi kunda eng ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Ayniqsa, oilaviy zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va jabrlanuvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq.
Mazkur platforma doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazida saqlanayotgan uch nafar ayolning murojaatlari atroflicha o‘rganildi. Ushbu jarayonga tegishli hamkor tashkilotlar ham jalb etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, murojaat qilgan har uchala ayol ham turmush o‘rtog‘i tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan. Ular jismoniy va ruhiy bosimga duch kelgan bo‘lib, ayni paytda farzandlari bilan mazkur markazda vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlangan.
Murojaatlarni o‘rganish davomida ayollar uchun eng dolzarb masala markazdan chiqqanidan keyin doimiy yashash joyi bilan ta’minlanish ekani aniqlandi. Shu munosabat bilan tegishli tuman hokimliklariga ijtimoiy turarjoy fondidan uy-joy ajratish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha vazifalar yuklatildi. Shuningdek, prokuratura organlari bilan hamkorlikda zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rish, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli ta’sir choralarini qo‘llash belgilandi.

–Ta’kidlash joizki, “Tenglik va hurmat” platformasi doirasidagi bunday o‘rganish va muloqotlar respublika miqyosida izchil tashkil etilmoqda, –deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova.–Bu yondashuv nafaqat zo‘ravonlik qurbonlarini huquqiy, ijtimoiy va psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, balki zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan profilaktik ishlar olib borishga ham xizmat qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, aynan shu kabi kompleks yondashuv orqali kelgusida qayta zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat va mas’uliyat muhitini mustahkamlash mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Buxoroda amalga oshirilayotgan mazkur tashabbus xotin-qizlarni himoya qilish, ularni jamiyatga qayta moslashtirish va huquqiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, bu kabi ishlar orqali jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabat shakllanib, inson qadrini ulug‘lash tamoyili yanada mustahkamlanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri