“Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi
Sirdaryo viloyatida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslar yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi tomonidan Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti Yangiyer filialida tashkil etilgan “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi bu jarayonda muhim nuqta bo‘ldi.

Loyiha davomida yoshlar o‘z innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini taqdim etib, amaldagi tadbirkorlik jarayonlari bilan tanishdilar. Jamlanma ma’lumotlarga ko‘ra, 150 nafardan ortiq talabalar va yoshlar tadbirda qatnashdi, 20 dan ziyod startap loyihalar muhokama qilindi va 10 ga yaqin istiqbolli g‘oyalar saralab olindi. Eng faol besh yoshlar jamoasi esa amaliy moliyaviy va mentorlik ko‘magiga ega bo‘ldi.

Ayni vaqtda e’tiborga molik jihat shundaki, ishtirokchilarning qariyb 65 foizi oldin tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmagan yoshlar edi. Ular asosan kimyo va texnologiya sohasida innovatsion ishlanmalar, ekologiya va IT yechimlar, raqamli xizmatlar hamda kichik ishlab chiqarish va servis loyihalariga e’tibor qaratdilar. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, taqdim etilgan g‘oyalarning asosiy qismi raqamli texnologiyalarga oid. Bu esa yoshlar orasida IT sohasiga qiziqishning ortib borayotganidan dalolat beradi.

– Loyihada ishtirok etgan yoshlar nafaqat o‘z g‘oyalarini bayon qilish imkoniga ega bo‘lishdi, balki notiqlik mahorati va liderlik qobiliyatlarini rivojlantirdilar. “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi orqali yoshlar innovatsion g‘oyalarni amaliy biznesga aylantirish uchun zarur sharoitlarga ega bo‘lmoqda, – deydi O’zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash bo‘limi mudiri Elyor Jo‘rayev .

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida loyihaning ko‘lami kengaytirilib, yoshlar moliyaviy, huquqiy va mentorlik jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlanadi.
Tadbir yakunida esa 40 nafar yigit-qizlar partiya safiga qabul qilindi va faol ishtirok etgan yoshlar partiyaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Bu esa loyihaning nafaqat tadbirkorlik rivojiga, balki yoshlarning ijtimoiy faolligi va siyosiy ongi shakllanishiga ham hissa qo‘shayotganidan dalolat beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA