Sayyor qabullar
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov boshchiligida Buxoro viloyatida sud masalalariga bag‘ishlangan sayyor qabullar o‘tkazildi. Buxoro shahri va G‘ijduvon tumanida tashkil etilgan mazkur qabullarda jami 191 nafar fuqaro ishtirok etdi.
Murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, ularning 123 tasi jinoyat, 47 tasi fuqarolik, 7 tasi iqtisodiy va 14 tasi ma’muriy sudlovga oid masalalarni tashkil etdi. Qabul jarayonida 104 nafar fuqaro og‘zaki murojaat bilan chiqish qilgan bo‘lsa, 87 ta yozma ariza qabul qilindi.


Kelib tushgan murojaatlarning 101 tasiga huquqiy tushuntirishlar berildi, 3 ta murojaat joyida qanoatlantirildi, qolgan 87 ta ariza va shikoyatlar esa belgilangan tartibda qonuniy ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
Sayyor qabul davomida ayrim murojaatlar o‘zining ijobiy yechimini topdi. Jumladan, fuqaro Tohir Istamov muddatidan oldin jazodan ozod qilish masalasida yordam so‘rab murojaat qildi. Uning murojaati ko‘rib chiqilib, jazo yengilrog‘iga almashtirildi. Bu qarordan mamnun bo‘lgan fuqaro davlat rahbariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.


Shuningdek, fuqaro Davlat Soyibov ham tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq muammolari yuzasidan murojaat qilib, uning qonuniy manfaatlari himoya qilinganini va adolatli qaror qabul qilinganini alohida ta’kidladi.
Umuman olganda, bunday sayyor qabullar aholining sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, muammolarni joyida hal etish va adolatni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri