Tolmas ijodkor
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mamlakatimiz adabiy hayotida muhim o‘rin tutadigan, ruhiy-ma’naviy ahamiyati bilan alohida e’tiborga molik ijodiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda taniqli shoir va publitsist Abdurasul Jumaqulning 60 yillik yubileyi keng nishonlanib, ijodkorning so‘nggi yillarda yaratilgan “Kunduzgi chiroq” va “Faqat sen” nomli kitoblari keng kitobxonlar jamoasiga taqdim etildi.
Adabiyot va ma’naviyat ahli vakillari, taniqli shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, olimlar hamda yosh ijodkorlar jam bo‘lgan ushbu uchrashuv baland va samimiy ruhda o‘tdi.
Anjumanda e’tirof etilganidek, Abdurasul Jumaqulov milliy media sohasida, adabiyotda katta tajribaga ega bo‘lgan, o‘z so‘zi va ovoziga ega taniqli ijodkor sanaladi.
Tadbirda Abdurasul Jumaqul ijodining o‘zbek she’riyatidagi o‘rni, uning badiiy tafakkuri, hayotiy kuzatuvlarga boy asarlari hamda inson qalbining nozik qatlamlarini teran ifodalashdagi mahorati alohida ta’kidlandi.
[gallery-29107]
Ustoz adib va shoirlar Abdurasul Jumaqul ijodiga xos badiiy xususiyatlar, uning she’riyatida samimiyat va hayotiylik uyg‘unligi, insoniy tuyg‘ularning tabiiy va ta’sirchan ifodasi haqida atroflicha fikr yuritdi.
Shoirning ijodiy izlanishlari zamirida Vatanga muhabbat, inson qadr-qimmati, hayotning murakkab va rang-barang manzaralarini anglashga intilish yotgani qayd etildi. Ayniqsa, uning publitsistik faoliyatida jamiyat hayotidagi dolzarb muammolarga befarq bo‘lmagan fuqarolik pozitsiyasi yorqin namoyon bo‘lishi alohida e’tirof etildi.
Taqdim etilgan “Kunduzgi chiroq” kitobi hayot haqiqatlarini badiiy mushohada orqali yoritishga qaratilgan bo‘lib, unda inson ruhiyati, zamon nafasi, kechinmalar olami o‘ziga xos poetik talqinda aks etgan.
“Faqat sen” to‘plami esa ishq va sadoqat, mehr va vafo singari abadiy mavzularni samimiy ohang, nafis badiiy tasvirlar orqali ochib beradi. Ushbu kitoblar muallif ijodining navbatdagi yetuk bosqichini namoyon etishi bilan birga, zamonaviy o‘zbek adabiyotining rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishi alohida ta’kidlandi.
1966-yilda Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida tavallud topgan Abdurasul Jumaqul o‘zining sermahsul ijodi bilan adabiyot va jurnalistika sohasida mustahkam o‘rin egallagan ijodkorlardan biridir. U Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini, keyinchalik Termiz davlat universitetining iqtisodiy menejment yo‘nalishini tamomlab, uzoq yillar davomida turli nashrlarda samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Shoirning “Osmon beshigi”, “Yurakka sig‘magan gaplar”, “Surxon polvonlari”, “Ishq bog‘i”, “Yillar va yo‘llar” kabi asarlari keng kitobxonlar mehrini qozongan.
Ijodkorning mehnati davlatimiz tomonidan ham munosib e’tirof etilgan. U “Shuhrat” medali va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan bo‘lib, bu mukofotlar uning milliy adabiyot va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan hissasining yuksak bahosidir.
Tadbir davomida Abdurasul Jumaqulning she’rlaridan namunalar o‘qildi, uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan iliq xotiralar, samimiy tilaklar bildirildi. Yosh ijodkorlar ustoz adibning ijodiy tajribasidan ilhomlanib, o‘z savollariga javob oldi. Uchrashuv jarayonida ustoz va shogird an’analari, adabiyotning bugungi taraqqiyot yo‘llari, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Anjuman yakunida Abdurasul Jumaqul so‘zga chiqib, bunday e’tibor va ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi. O‘z ijodiy rejalari, yangi asarlar ustida olib borayotgan ishlari haqida so‘z yuritdi. Adabiyotga sadoqat, so‘zga mas’uliyat va kitobxon ishonchini oqlash ijodkor uchun eng muhim mezon ekanini alohida ta’kidladi.
N.Usmonova, N.Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari