Tog‘larimizdagi muzliklarning qisqarishi Amudaryo va Sirdaryodagi suv oqimini kamaytirmoqda
So‘nggi yillarda global miqyosda suv resurslariga bo‘lgan talabning ortishi, iqlim o‘zgarishi va demografik bosim suv ta’minoti masalasini strategik ahamiyatga ega muammolar qatoriga kiritmoqda. Ayniqsa, qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarda joylashgan davlatlar uchun suv resurslarini samarali boshqarish dolzarb ilmiy-amaliy vazifa sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz ham suv tanqisligi xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi, chunki mavjud suv iste’moli asosan transchegaraviy daryolar va yer osti suv manbalari hisobiga shakllanadi hamda tabiiy resurslardan yuqori darajada foydalanish kuzatiladi.
Mamlakat iqtisodiyotida suvning asosiy iste’molchisi qishloq xo‘jaligi bo‘lib, umumiy suv sarfining taxminan 90 foizi ushbu tarmoq hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu holat suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ularni tejash va muqobil suv manbalarini joriy etish zaruratini asoslaydi. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi oqibatida muzliklarning qisqarishi va gidrologik rejimning o‘zgarishi kelgusida suv ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Xo‘sh, bunday sharoitda suv resurslarini tejashga qaratilgan innovatsion va iqtisodiy jihatdan samarali texnologiyalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etadimi?
–Yomg‘ir suvini yig‘ish va undan qayta foydalanish tizimlari xalqaro amaliyotda keng qo‘llanilib, ichimlik suviga bo‘lgan yuklamani sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi, – dedi O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i, Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi deputati Muxsiddin Nizomiddinov. – Mazkur texnologiyalar O‘zbekiston sharoitida ham yuqori salohiyatga ega bo‘lib, ularni keng joriy etish suv resurslarini barqaror boshqarishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ilmiy va statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha suv iste’moli tabiiy qayta tiklanish sur’atidan tezroq o‘smoqda. Markaziy Osiyoda ham suv muammosi dolzarb hisoblanadi. O‘zbekistonda suv iste’moli mavjud resurslarga nisbatan 123 foizni tashkil etadi. Bu mamlakat o‘z tabiiy suv zaxiralaridan ortiqcha foydalanayotganini ko‘rsatadi. Suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keladi, shu sababli suvdan samarali foydalanish juda muhim.
Suv tanqisligiga yana bir asosiy sabab iqlim o‘zgarishi va muzliklarning qisqarishi. World Meteorological Organization (WMO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024–2025-yillar gidrologik davri so‘nggi 70 yildagi eng og‘ir davrlardan biri bo‘lgan. Markaziy Osiyodagi Pamir, Tyan-Shan va Hinduqush tog‘laridagi muzliklar kamayib bormoqda. Bu esa Amudaryo va Sirdaryo suv oqimiga ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, yaqin 10–15 yil ichida muzliklar tez erishi sababli suv oqimi avval ortishi, keyin esa keskin kamayishi mumkin. Bu jarayon “suv cho‘qqisi” (peak water) deb ataladi. Shundan keyin suv resurslari kamayadi va ayniqsa qurg‘oqchilik paytida suv tanqisligi kuchayadi. Bu holat Orol dengizi hududidagi ekologik vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
Shunday sharoitda suvni tejash va muqobil manbalardan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bu borada eng samarali usullardan biri — yomg‘ir suvini yig‘ish va undan qayta foydalanish. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday tizimlar ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojni 30–50 foizgacha kamaytirishi mumkin.
Yomg‘ir suvini yig‘ish tizimi oddiy: binolar tomidan yig‘ilgan suv filtrlanib, maxsus rezervuarlarda saqlanadi va keyin texnik ehtiyojlar uchun ishlatiladi. Masalan, 100 m² tom maydoniga ega bino yilda 300–600 mm yog‘ingarchilik bo‘lsa, 30–60 m³ suv yig‘ishi mumkin.
O‘zbekistonda ham bu tizimni joriy etish imkoniyati yuqori. Masalan, Toshkentda o‘rtacha yillik yog‘ingarchilik 400 mm. Agar 10 mingta xonadon bu tizimni qo‘llasa, yiliga kamida 400 000 m³ suv tejaladi. Bu esa 20–25 ming aholining suvga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga tengdir.
Amaliyotda yomg‘ir suvidan foydalanishning muhim yo‘nalishlaridan biri — quyosh panellarini tozalash. Hozirgi kunda 1 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasida yiliga 1000–2000 m³ suv sarflanadi. Yomg‘ir suvidan foydalanilsa, bu sarfni 40 foizga kamaytirish mumkin.
Shuningdek, chiqindi tashish transportlarini yuvishda ham suv ko‘p sarflanadi. Agar 500 ta texnika har kuni 200–300 litrdan suv ishlatsa, yillik sarf 36–54 ming m³ni tashkil etadi. Yomg‘ir suvidan foydalanish orqali buni kamida 50 foizga qisqartirish mumkin.
Bundan tashqari, yangi qurilayotgan binolarda yomg‘ir suvini yig‘ish tizimini majburiy standart sifatida joriy etish muhim. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bu yondashuv suv iste’molini 25–30 foizga kamaytiradi.
Iqtisodiy jihatdan ham bu tizim samarali. Yomg‘ir suvini yig‘ish uskunasi o‘rnatish xarajati 500–1500 AQSH dollarini tashkil etadi va suv tejalishi hisobiga 3–5 yilda o‘zini qoplaydi. Shu bilan birga, bu tizimlar yer osti suvlariga tushadigan bosimni kamaytiradi, suv aylanishini barqarorlashtiradi va ekologik muvozanatni saqlashga yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda, yomg‘ir suvini yig‘ish va undan samarali foydalanishni rivojlantirish O‘zbekistonning suv xavfsizligini ta’minlash, tabiiy resurslarni asrash hamda kelajak avlodlar uchun barqaror suv ta’minotini yaratishda muhim strategik yo‘nalish sifatida qaralishi lozim.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA