O‘zbekiston vakili Parijda bo‘lib o‘tgan SPIMUN 2026 xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi
Bugungi kunda yurtimizda yoshlarimiz uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasini bermoqda. Ular turli tanlov va xalqaro tadbirlarda o‘z iqtidori va iste’dodini namoyon etmoqda va dunyo xalqlarini hayratda qoldirmoqda.
Navoiylik yoshlardan biri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali talabasi Biloliddin Omonullayev ham ana shunday yoshlardan biri.

U 2026-yil 4-7-mart kunlari Fransiyaning Parij shahridagi Sciences Po universitetida o‘tkazilgan SPIMUN 2026 (Sciences Po International Model United Nations) xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan 300 ga yaqin vakillar qatnashdi.

Biloliddin Omonullayev BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) qo‘mitasi delegatlari tarkibiga kiritildi hamda ijtimoiy himoya va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokamasida faol ishtirok etdi.

Konferensiyaning yopilish marosimida Biloliddin Omonullayevning chiqishi ishtirokchilar tomonidan alohida e’tibor bilan qarshi olindi. U xalqaro auditoriya oldida O‘zbekistonning boy madaniy merosini taqdim etdi hamda milliy musiqiy asarlarni skripkada ijro etdi.

Chiqish davomida O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri sifatidagi o‘rni, shuningdek, mamlakatning zamonaviy xalqaro tashabbuslari, jumladan, 2025-yilda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilgani – so‘nggi 40 yildan ortiq vaqt ichida tashkilot bosh qarorgohidan tashqarida ilk bor tashkil etilgani alohida ta’kidlandi.
Mazkur taqdimot O‘zbekistonning madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyotiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, ishtirokchilarga milliy madaniyat va an’analar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri