“Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi – amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktabrdagi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan joylarda keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ekologik ong va madaniyatni shakllantirishga qaratilgan tashabbuslar izchillik bilan amalga oshirilyapti. Bu borada Jizzax viloyatida tashkil etilayotgan tadbirlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyat kengashi hamda Sharof Rashidov tumanidagi 5-, 22- va 48-sonli umumta’lim maktablari hamkorligida “Har bir qadam – tabiatga malham!” shiori ostida o‘tkazilgan plogging aksiyasi keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu ibratli tajriba vohaning boshqa ta’lim muassasalari tomonidan ham faol qo‘llab-quvvatlanib, hududlarda keng qamrovda davom ettirilmoqda.

Shuningdek, loyihani yoshlar orasida targ‘ib qilish, ularda atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish maqsadida Mirzacho‘l tumanida ham plogging aksiyasi tashkil etildi. Unda viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining tuman bo‘limi, shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga qarashli 1-, 2-, 17-, 18- va 20-sonli umumta’lim maktablari o‘quvchilari faol ishtirok etdi.

Ayniqsa, 1-sonli umumta’lim maktabida yo‘lga qo‘yilgan ekologik ta’lim-tarbiya ishlari e’tiborga loyiq. Maktab qoshida tashkil etilgan yosh eko-faollar guruhi tomonidan turli aksiya va loyihalar muntazam ravishda amalga oshirib kelinayotgani yoshlarning tabiatga daxldorlik hissini yanada mustahkamlamoqda. Navbatdagi plogging tadbirida ham mazkur jamoa faollik ko‘rsatib, eng ko‘p chiqindi to‘plagan jamoa sifatida e’tirof etildi.


Tadbir yakunida faol ishtirokchilar Jizzax viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri